Mazkur qaror bilan:
- koʻp kvartirali uy-joy fondini taʼmirlash uchun boshqarish organi tomonidan har bir koʻp kvartirali uy uchun majburiy badallarning yoki toʻlovlarning alohida hisobi yuritiladi.
Misol uchun, 18-son koʻp qavatli uydan yigʻilgan “kvartplata” 19-son uy uchun sarflanishiga yoʻl qoʻyilmaydi va bu ishlar Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Koʻp kvartirali uy-joy fondidan foydalanish sohasini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi. Shuningdek, aholi tomonidan boshqaruv organlarining noqonuniy xatti-harakatlari ustidan ham inspeksiyaga shikoyatlar yuborish imnoyati yaratilib, ijrosi haqida ham hisobot berib boriladi;
- koʻp kvartirali uyda umumiy mol-mulkning talab darajasida saqlanishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan xizmatlar va ishlarning roʻyxati Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari tomonidan tasdiqlangan minimal roʻyxat asosida koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishida tasdiqlanadi;
- boshqarish organlari tomonidan koʻp kvartirali uylarda avariya vaziyatlarini bartaraf etuvchi 24/7 rejimida ishlaydigan avariya-dispetcherlik xizmati tashkil etiladi, bunga moliyaviy imkoniyati yoki moddiy-texnika bazasi yetarli boʻlmagan taqdirda, avariya-dispetcherlik xizmati koʻrsatuvchi boshqa tashkilotlar jalb qilinishi mumkin;
- koʻp kvartirali uyni boshqarish organi tomonidan doimiy ravishda joy mulkdorilarining soʻrovnomasi asosida kommunal xizmatlarning hajmi (miqdori), umumiy mol-mulkni saqlash maqsadida sarflangan xarajatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar berib boriladi;
- boshqarish organlari tomonidan koʻp kvartirali uylarni boshqarish billing tizimi orqali amalga oshiriladi. Natijada:
majburiy badallar hisobi xonadonlar kesimida yuritiladi va toʻlov boʻlganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot foydalanuvchining mobil telefoniga qisqa xabar (SMS) shaklida yuboriladi;
boshqaruvchi organlarga murojaatlarni elektron shaklda yuborish mumkin boʻladi va ularning ijrosi mutasaddi organlar tomonidan nazorat qilinadi;
har bir mulkdorda billing tizimi orqali onlayn tartibda uy-joy mulkdorlarining umumiy yigʻilishini oʻtkazish uchun mulkdorlarni chaqirish imkoniyati boʻladi;
uy-joy mulkdorlari oʻrtasida soʻrovnomalar oʻtkazilib, boshqarish organi faoliyati toʻgʻrisidagi fikr-mulohazalar onlayn tahlil qilinadi va shu tariqa koʻrsatilgan xizmatlar sifati aholi tomonidan baholanadi. (Boshqarish tashkilotlari elektron reytingida jami toʻplanadigan ballning 60 foizi aholi tomonidan bildiriladigan fikr-mulohazalarga asoslanadi)
mulkdorlarga boshqaruvchi organ tomonidan bajarilgan ishlar, har olti oyda majburiy badallar va toʻlovlarning tushumi va uyni boshqarish boʻyicha xarajatlar toʻgʻrisidagi hisobotlar onlayn yetkaziladi. Bunda aholi kvitansiyani yuklab olish orqali hisob-faktura bilan ham batafsil tanishishi mumkin.