Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi mutaxassislaridan iborat ishchi guruh Sankt-Peterburg Davlat uy-joy nazorat inspeksiyasining oʻtgan yillardagi faoliyatiga doir taqdimot bilan tanishdi. Aniq raqamlar, taqqoslama jadvallar misolida taqdim etilgan maʼlumotlar yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.
Uchrashuv doirasida boshqaruv servis kompaniyalari reytingini amalga oshirish, raqamlashtirish va elektron reyestrini tuzish, ular faoliyatini litsenziyalashtirish boʻyicha maʼlumotlar berildi. Inspeksiya rahbariga koʻra, litsenziya olgan tashkilot avtomatik ravishda elektron reyting tizimiga kiritiladi. Baholash tizimining 50 foizi aholi tomonidan amalga oshiriladi. Qolgan qismi esa nazorat inspeksisi taqdimnomalari hamda maʼmuriy baholash hisobidan kelib chiqadi.
Shuningdek, Sankt-Peterburg Davlat uy-joy nazorat inspeksiyasi tomonidan elektron portal tashkil etilgan boʻlib, unda har bir inspektorning faoliyat samaradorligi baholab boriladi. Yaʼni, portalda har bir xodim konverti mavjud va uning ish faoliyatiga doir muhim maʼlumotlar ana shu yerda toʻplanadi. Bu tizim ish beruvchiga xodimlar faoliyatini monitoring qilish imkonini yaratadi.