Prezidentimizning 17-18-iyun kunlari Andijon viloyatiga tashrifi Andijon davlat tibbiyot instituti jamoasi uchun tarixiy yangiliklarga boy boʻldi. Jumladan, institut klinikasi hududidagi bir gektar maydonda klinik kafedralarga moʻljallangan, zamonaviy oʻquv laboratoriyalariga ega ming oʻrinli, yetti qavatli yangi oʻquv binosi qurilishi uchun 70 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Yangi bino qurilishi talabalar bir joyning oʻzida ham oʻqib, ham amaliyot oʻtashi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda mamlakatimiz farmatsevtika sohasi jadal rivojlanish jarayonini boshdan kechiryapti. Soha taraqqiyoti uchun muhim meʼyoriyhuquqiy hujjatlar qabul qilindi. Barcha zarur shartsharoit yaratildi. Jumladan, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonalarga kerakli xomashyo, dastgohlar, butlovchi qismlar olib keluvchilar uchun bojxona toʻlovlari bekor qilindi. Soha uchun malakali kadrlar tayyorlashda Andijon davlat tibbiyot instituti ham munosib hissa qoʻshishga intilyapti. Institutda farmatsiya taʼlim yoʻnalishi ochilib, ayni paytda bu yerda 500 nafar talaba tahsil olmoqda.
Yillar davomida farmatsevtikada ayrim muammolar toʻplanib qolgani, ularni oqilona hal etish bugunning dolzarb masalasi ekani, sohani mukammal biladigan, undagi kamchiliklarni yecha oladigan raqobatbardosh kadrlar yoʻqligi ushbu sohadagi eng katta ogʻriqli nuqtalardan biri edi. Davlatimiz rahbarining viloyatimizga bu galgi tashrifida mazkur muammoni hal etish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi. Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida farmatsevtika ishlab chiqarish korxonalari, xususan, Andijon farmatsevtika iqtisodiy hududida ishga tushirilgan korxonalarni malakali mutaxassislar bilan taʼminlash maqsadida Andijon davlat tibbiyot institutida sanoat farmatsiyasi taʼlim yoʻnalishi ochiladi. Joriy oʻquv yilida iqtidorli yoshlar qabul qilinadi. Bu sohadagi islohotlarni roʻyobga chiqarish yoʻlida qoʻyilgan zalvorli qadam boʻldi.
Andijon viloyatida farmatsevtika sohasi boʻyicha yetuk malakali mutaxassislar yetarli emas. Hududning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishi uchun bugungi kun talabiga javob bera oladigan, oʻz sohasini chuqur biladigan kadrlar suv va havodek zarur. Shunday bir paytda mazkur taʼlim yoʻnalishining ochilishi sohada kadrlar taqchilligini bartaraf etadi. Ikkinchidan, ushbu taʼlim yoʻnalishini ochish zamirida andijonlik yoshlarga qaratilgan yuksak ishonchni ilgʻash qiyin emas.
Keyingi yillarda Andijon viloyatida ham taʼlim sohasidagi islohotlar ulkan burilish pallasiga yetganini yaratilayotgan imkoniyatlar miqyosi va erishilayotgan natijalar koʻlamidan bilsa boʻladi. Bu ishonch va eʼtiborni Andijonning mard va jasur, zakovatli farzandlari, albatta, oqlaydi, viloyat ziyolilari fidokorona xizmat qilib, ustozlik haqini toʻla ado etadi.
Mirzohid BOTIROV,
Andijon davlat tibbiyot instituti prorektori