Atoqli o'zbek adibi Tohir Malik nafaqat yirik asarlar muallifi, balki kichik janrlarning ham ustasi edi. Adib bilan bir joyda ko'p yillar ishlab, yaqin bo'lib qolganim tufayli ijodiga takror-takror murojaat qilaman. “Ajab dunyo” hikoyasini avval ham o'qiganman, lekin negadir shu hikoyani o'qigim kelaveradi.

Adib xodisalarni shunchaki yozmagan, uning bolalik va o'smirlik yillari mana shu davrga to'g'ri kelgan. Hikoya frontdan bir oyog'idan ajrab kelgan sodda, halol, kamsuqum, lekin mard Yigitalining kechmishlari haqida. Asarning qiymati ham shundaki, adib oddiy bir podachi yigit nazdida butun bir xalqning ayanchli qismatini so'zlagan. Personajlar bor-yo'g'i besh-oltita.

Hikoya tabiatning g'amgin bo'yoqlari bilan boshlanadi: “...Osmon tuni bilan odamlarning qayg'u-hasratlarini tinglay-tinglay, o'ksib-o'ksib, yulduzlarini ko'z yoshi misol to'kib ado qildi-yu, rangi bo'zara boshladi...”

E'tibor bering, osmon oqarmayapti, yorqinlashmayapti, balki bo'zarayapti. Urushdan keyin bor yo'g'i bir yil o'tgan xolos, hamma yoqda yo'qsillik, muhtojlik, ocharchilik va etishmovchilik hukm surmoqda. Mana shunday og'ir sharoitda urush nogironi Yigitali taqdiridan nolimaydi, shukr qiladi, chunki qishloqdan frontga ketgan ellik etti nafar erkakdan uyga ikki nafari omon qaytgan. Biri oyog'i kesilgan Yigitali, ikkinchisi esa ko'zi ko'r bo'lib qaytgan jangchi. Raqamlarga e'tibor bering, bir qishloqdan shuncha odam urushdan qaytmagan bo'lsa, respublika miqyosida qanchadan-qancha qurbonlar berilgan? Hurmatli adiblarimiz — O'zbekiston Qahramonlari Erkin Vohidov va Abdulla Oripovlar ta'birlari bilan aytganda, urushga respublikamizdan ketgan bir yarim million odamdan taxminan bir millionga yaqini janggohlardan qaytmagan. Ayrim davlatlar tomonidan tarixni soxtalashtirishga urinishlar bo'layotgan, bosqinchilarga yordam bergan va millionlab yahudiylar, polyaklar, ukrainlar, ruslar va boshqa millat vakillarining yostig'ini quritgan xiyonatkorlarga ba'zi bir mamlakat poytaxtlarida haykallar o'rnatilayotgan bir paytda biz o'z yoshlarimizga tarixiy haqiqatni ro'y-rost ko'rsatib, tushuntirishimiz lozim. Chunki Yevropani fashizm vabosidan qutqarib, g'alaba bayrog'ini Reyxstagga o'rnatgan bizning ota-bobolarimiz bo'lganligini ular bilishi kerak.

IIV Akademiyasida ishlardim. Bir kuni bir yosh ofitser “Nega ruslar nemisni biz engdik”, deb ko'kragiga uradi? Ikkinchi Jahon urushi taqdirini Shimoliy Afrikadagi ingliz ekspeditsion korpusiga qo'mondonlik qilgan fel`dmarshal Montgomeri hal qilgan, shuning uchun biz g'alaba qozongan ekanmiz-ku”, deb qoldi. Men unga achinib qaradim. Ofitserning haqiqiy tarixni soxta tarixdan ajrata olmasligini uning kitob o'qimasligiga yo'ydim. Ofitserga Tohir Malikning “Ajab dunyo” hikoyasini berib, diqqat bilan o'qishini tayinladim. Hikoyani o'qib chiqqan yosh ofitser mendan uzr so'rab, fikri o'zgarganini aytdi.

Aksariyat erkagi urushda halok bo'lgan qishloq manzarasini ko'z oldingizga keltiring.

“...Zambardagi uch bolaning o'ligini kecha o'ngida, poda qaytayotganda ko'rgan edi. Ikki ayol, bir erkak zambardagi uch jasadni qabristonga eltishayotgan edi. erkak – Qambar cho'loqqa qishloq ahli go'rkovlik vazifasini yuklagan”... Qishloqda erkak zoti qariyb yo'q. Kolxozdagi barcha og'ir mehnat ayollar zimmasiga tushgan. Xatto, o'lik ko'mishga ham ayollar borishadi. To'rt muchasi sog' rais bunday ishlardan yuqori turadi. U davlat ahamiyatiga molik ishlar bilan band. Yozuvchi raisning ta'rifini zo'r mahorat bilan chizib beradi: “... Rais hisobga kirmaydi. U odam emas, u — rais! O'zining qarichi bilan o'lchansa, gunohkor bandalardan yuqori turadi. Mulki Fir'avnnikidek bo'lmasa-da, u ham o'zini shu erning xudosiday his qiladi. Faqat unga sig'inib, namoz o'qilmaydi. Boshqa jihatlari Fir'avning o'zi — aytgani-aytgan, degani-degan...” Safarqul-raisga ta'rif berishda davom etarkan, adib uning borlig'ini ro'y-rost ko'rsatib beradi: “...Ammo raisdan umid yo'q — kechirmaydi, ayamaydi. Uning boshqa erkaklarga qo'shilib urushga jo'namagani sababini hech kim bilmaydi. ehtimol, Xudo “shu qishloqdagi bandalarimni ezib, qoniga tashna qilib yuborasan”, degan vazifa yuklab, olib qolgandir...”

Ko'rinib turibdiki, rais zulmining cheki-chegarasi yo'q. U qishloqda mutlaq hokim, chunki davlat katta vakolatlar berib qo'ygan. Aslida u ishni to'g'ri tashkil qilib, xalqning mushkulini oson qilishi kerak. Biroq biz buning aksini ko'ramiz. Mazkur satrlarni o'qir ekanman, otamning urush yillari bo'lib o'tgan hodisani so'zlab berganlari yodimga tushdi: “1942-yilning erta bahori. G'arbda urush alangasi avj olgan vaqt, nemislar Moskva ostonasidan uloqtirib tashlangan bo'lsa-da, hali dushman kuchli va xavfli edi. Ikkinchi frontdan nom-nishon yo'q. Mamlakat tang ahvolda, dushman Volga bo'yi va Kavkazga intilmoqda edi. Otam o'n bir yoshda ekanlar, lekin hamma qishloq bolalari kabi biror foydali yumush bilan band, bisotlaridagi bitta sigirni o'tlatib kelish uning “vazifasi” edi. Sigir bo'g'oz bo'lib, Hayriddinning otasi Saydali akaning hisobi bo'yicha tug'ishiga bir hafta qolgan, xolos. Onasi Sobura oyining gapi bilan aytganda: “Ha demay og'zimiz oqarib qoladi”. O'yinqaroqlik qilgan Hayriddinning sigiri ko'k bedaga tushib qoladi. Sal nariroqda omoch bilan er ag'darayotgan Xudoyberdi ko'zi bedani payhon qilayotgan sigirga tushadi. U kolxozning faol yoshlaridan — komsomol bo'lgani uchun otga minadi va sigirni yugurtirib idoraga haydab ketadi. Xudoyberdi raisning ishongan odamlaridan, nonini halollab eyishi kerak. Bandasining taqdiri unga baribir, u hozirgi til bilan aytganda, “ochko” ishlashi kerak.

 Endi bir-ikki og'iz o'sha vaqtdagi kolxoz faollari haqida to'xtalsam. Saman otlarni minib, urush yillari xalqning og'irini engil qilish o'rniga ustiga ot bostiradigan azamatlar — komsomollar edi. Ular joylarda frontga ketmaslik uchun raisning og'zidan chiqqanini muhayyo qilishar va zulmni kuchaytirib yuborishar edi. Ular har bir harakatlari bilan shu erda kerak ekanliklarini isbotlashar, qo'yingki bu yo'lda hech narsadan qaytishmasdi. Yugurtirib haydalgan sigir idoraga olib kelinadi, bo'g'ozligi hamda ko'k beda o'z ishini qilib, sigirning qorni shishib ketadi, entikib-entikib zo'rg'a nafas oladi. Hayriddin otasini yordamga chaqirib, idoraga etib kelishadi. Saydali aka raisga uchrashib, o'g'lini kechirishini so'raydi: “U qilmabdi, men qilibman, kechiring, baraka topkur, Orifjon! Zudlik bilan sigirga qaramasak o'lib qoladi. Jon, Orifjon! Kechiring, bolalik qilibdi-da. Ataylab qilmagan, bir gal kechiring!” Rais bu gaplarga e'tibor qilmay, Saydali akani jerkib beribdi: “Bor, ishingni qil! Sendaqalardan to'yib ketdim! Men o'rtoq Stalinga nima deyman? Bor yo'qol! Agar sigirni senga bersam, “onam xotinim bo'lsin!”, deb yuboradi.” Vaholanki rais bobom Saydali akadan yigirma yosh kichik bo'ladi, lekin amal va qo'lidagi vakolat ko'zini ko'r qilib qo'yadi ”. Bu dahshatli qasamni eshitgan Saydali aka churq etolmay qoladi va o'g'lini etaklab iziga qaytadi. Gap nimadaligini tushunmagan Hayriddin otasini qo'lidan tortib, sigir tomon intiladi. “Bolam, bo'ldi endi sigirni bermaydi! Qasam ichib qo'ydi, rais!” deb boshini xam qilib uyiga ravona bo'ladi. Bir o'g'li urushning birinchi kunida halok bo'lgan, ikkinchisi arzimagan chaquv tufayli “xalq dushmani” sifatida qamalgan otaning birdaniga qo'llari shalvirab, elkasi pastga tushib ketadi. Bunday munosabat yurtimizda to mustabid tuzum ag'darilguncha davom etdi.

Yigitali zambarda yotgan bolalar nimadan o'lganligini so'raydi. Qambar cho'loq ochlikdan deydi.: “... – Shunchalik och ekan, aytishsa bo'lmasmidi”?

—    Kimga? Raisgami? Voy undan ko'ra egamdan iymon so'ra, beradi.” Ko'rinib turibdiki, xalq juda tang ahvolda. Non desa kesak qimirlaydi. Mana shunday vaqtda Yigitali tushida do'sti Ramazon va uning bolalarini ko'radi. Do'sti bolalaridan xabar olmaganini aytib, undan gina qiladi. Yigitali o'zi zo'rg'a kun ko'rsa ham Ramazonning uyiga — Nazirobodga borib kelishni ko'ngliga tugib qo'yadi:” - Qancha uning bor, biror tandir chiqadimi? – deb so'radi Yigitali.

—    Chiqib qolar ...

—    Nazirobodga borib kelmasam bo'lmaydi.

—    Maylingiz... Kuzda bormoqchi edingiz-ku?

Oynisaning bunday osongina ko'nishi Yigitali elkasidagi tog'ni qulatdi.

— Tushimga kiryapti, — dedi u chuqur xo'rsinib.

— Kim, o'rtog'ingizmi?

— Bugun bolalarining o'ligi ustida turganmish...

O'zi bazo'r ro'zg'or tebratayotgan Yigitali frontda halok bo'lgan do'stining bolalaridan xabar olgani jo'namoqchi. “Oyog'imdan ajragan bo'lsam ham tirikman-ku” deb o'ylaydi. Oyoqlari zirqirab og'risa ham yo'lga tushadi. e'tibor bering, quruq emas, balki xaltada bir tandir zog'ora non bilan. Mana shu erda biz oddiy podachi yigitning olijanobligiga guvoh bo'lamiz: “Tongda tandirga o't yoqildi. Non yopildi. Non isi taraldi... Non isi taralishi bilan gap tarqaldi: “Baraka topkur, shu holida urushda o'lgan o'rtog'ining bolalaridan xabar olib kelarmish.” O'zi muhtoj, o'zi kambag'al, o'zi yupun, o'zi och, lekin unga odamiylik his-tuyg'usi begona emas. “Ketar chog'i Oynisa bir gapi bilan uning ko'nglini og'ritib qo'ydi: “Nonning yarmini sotsangiz, o'sha tomonlardan bolalarga etik-petik olib kelardingiz”... “ He esi yo'q xotin, — deb o'yladi Yigitali, — men nima g'amdayu, sen nima g'amdasan. etiksiz kun ko'rsa ham bo'ladi. Ammo nonsiz yashash mumkin ekanmi?...” Snaryad portlaganda o'lgan o'rtog'ining ko'zlariga bolalaridan xabar olmagani uchun qaray olmayapti.

Manzil olis, sog' odam ham urinib qoladigan safarga otlanib, yo'lga tushadi. Poezdga tushib, tuni bilan yo'l bosadi, so'ngra yayov yuradi, nihoyat do'sti tirik ekanligi, urushdan omon qaytganligini eshitib, xursand bo'ladi va tezroq diydor ko'rishishga oshiqadi. Diydor onlarini orziqib kutadi: “... SHag'al to'kilgan o'ydim-chuqur yo'ldan yurish it azobini bersa-da, Yigitali chidadi. U bir narsadan xursand: birodari tirik! ...”

Yigitali xayolan Ramazon uni qanday kutib olishini tassavvur qiladi: ... do'sti uni ko'ra solib, quchoq ochib yuguradi ...

“Jon jo'rajon, bor ekansan-ku, yo'lingga ko'z tikaverib, ko'zlarim oqib tushayozdi, — deydi-da, mahkam quchoqlab oladi. — Jon jo'rajon, oyoqni tashlab kelibsan-da-a? Tirikligingni bilar edim. Yuragim sezar edi. Qanot chiqarib uchgim kelardi. Ammo iloj qila olmadim, jon jo'rajon. Noshukur birodaringdan xafa bo'lma.” Sodda Yigitali do'sti haqida shunday o'ylaydi. Lekin ming afsuski... Talpingani — do'sti do'kon yonida bir kampirga jahl bilan gapirardi. Kampirning yonoqlari bo'rtib chiqqan, ro'moli sirg'alib, elkasiga tushgan. Qog'oz tutgan titroq qo'lini uzatgan holda yalinardi:

– O'zim och bo'lsam ham mayliga. Bolamning yodgorlari tuz totimay o'tirishibdi. Baraka toping, iloyim bolalaringizning rohatini ko'ring. Kampir gapini oxiriga etkaza olmadi. Ramazon unga qarab yana baqirdi:

— Yo'q dedimku! Buvamnikini kesib beramanmi sizga! Non kerak odam vaqtliroq turmaydimi!

— Voy, baraka topkur, kecha xuftonda kelib shu erda tunaganman. Nonning kelishini kutib kuni bilan navbatda turdim-a... — Bo'ldi, bo'ldi, qonimga tashna qilib yubordingiz. “

— Yigitalining aqlu shuuri ishlamay qoldi. Frontdagi quroldosh do'sti Ramazon butkul boshqa odam edi. Uning o'g'li frontda o'lgan mushtipar onaga bo'lgan munosabatini ko'rib qalbi larzaga keldi. Kampirning zorlanishiga qaramasdan Ramazon do'konni yopdi. Onaizor ilojsiz do'kondan uzoqlashib, yana u tomonga umidvor qaradi. Mana shu tasvirni yozuvchi zo'r mahorat bilan bergan. Bu parchani o'qigan kitobxonning yurak-bag'ri ezilib ketadi: “ ... Besh-o'n qadam yurib, yana ilinj bilan orqasiga o'girilib qaradi. Chorasiz, kampirning bir-ikki qadam bosishidan Yigitalining nazarida zamin zirillardi. O'g'lining (balki o'g'illarining) hajrida kuyib, adoyi tamom bo'lgan bu ona “non” deb chinqirib turgan nabirasining (balki nabiralarining) oldiga nima deb kirib boradi? Boshini qaysi toshga ursin bu ona!”

Ushbu manzara Yigitalini onaizorga yordam berishga undaydi. Yo'q, u do'sti Ramazonga iltimos qilmaydi, balki uning bolalariga atab olib kelgan nondan beradi. Kampir Yigitalining odamgarchiligiga ishonib-ishonmaydi va non uchun o'g'lining xrom etigini olib kelib beradi: “ — Baraka topkur, shuni oling, yaxshiliklarga kiying... — dedi kampir etikni uzatib.” Bu holatni ko'rgan Ramazon darhol fikri buzilib, Yigitali chayqovchi bo'lib olibdi, deb o'ylaydi. U shu darajada tubanlashib ketganki, Yigitali do'kondaligida chaqirib kelgan kampirni bejiz kelmagandir, deb o'ylaydi: “ — Seni so'rayapti shekilli? — deb ajablanadi Ramazon Yigitaliga qarab. Keyin gapni hazilga burdi: — Kelmasingdan xotinlar yo'qlab qolishibdiku, yomonsan, jo'rajon, yomonsan...”. Kampir qo'lidagi etikni qancha turishini so'raganda u: “... Sotmayman buni. Bu kishiga olib keldim. Non berib edilar.

— Non? Shu odammi? — Ramazon Yigitaliga ajablanib qaradi. — Sen non berdingmi?” Ramazonni ajablantirgan hodisa Yigitali uchun tabiiy edi. Zero, har qanday sharoitda ham u mehr-oqibatni unutmaydi, odamiylik qiyofasini yo'qotmaydi. Yigitali Ramazonning o'zgarib ketganini ko'radi: “... Men Ramazonni olovdan olib chiqmagan ekanman. Ramazon jangda o'lgan ekan. Bu mening do'stim emas, Ramazon qiyofasiga kirgan shayton...” etikni kampirga qaytarib berishi kitobxonlarga uning naqadar olijanob qalb sohibi ekanligini ko'rsatadi:”... — Yog'och oyoqqa xrom etik yarashmaydi, onaxon, bekor qilibsiz, qani yuring-chi...”

Yigitali kampirnikida bir kun tunab qishlog'iga ketadi. Ketish oldidan bildirmay non solingan xaltani qoldirib ketadi. Kampirning ahvoli unikidan yomonroq ekanligini ko'rib, norasida bolalarini o'ylab qildi bu ishni. Lekin qarangki, kampir ham olijanoblikda undan qolishmaydi. Mehmon ketgach, uning xonasini nima tashlab ketdi ekan, deb ko'zdan kechirmaydi, o'ylamaydi ham. Agar nevarasi uch kun o'tgach, shu xonaga kirmaganida, non to'la xaltaning qachon topilishi dargumon edi.

Naziroboddan qaytib kelgan Yigitalini ikki kishi kutib oladi va rayonga olib ketadi. Sodda jangchi meni raislikka qo'yishmoqchi shekilli deb o'ylaydi: “... Bular rayondan kelishgan shekilli? YAna odamlarning gapi to'g'ri kelib, meni rais qilib qo'yishsa-ya? e, yo'q, baribir ko'nmayman. Bir oyoq bilan kolxozni eplab bo'larkanmi? Ajab dunyo... sendan so'rab ham o'tirishmaydi-ya...” Yigitali shu yerda ham xalq manfaatini o'ylaydi. Lekin u qaerdan bilsinki, Safarqul rais uni tegishli joyga aytib, “raqibini” yo'q qilganini. Podachini o'sha kuni “xalq dushmani” sifatida qo'lga olib, qamab yuborishadi. Baxtiga urushdagi komandiri joniga oro kiradi. Maktub yozib, yordam so'ragan Yigitalining iltimosini katta rahbar bo'lib ketgan sobiq komandir javobsiz qoldirmaydi. Qamoqdan qutulib chiqqach, olti yil o'tib, umrguzaronlik qilayotgan Yigitali do'sti Ramazondan xat oladi: “... Qadrdonim, jon jo'ramga sog'inchli salom... Meni o'lim changalidan qutqargan jo'rajonimni sog'ingandan sog'indim... Seni ko'p eslayman. Qani edi, qanotim bo'lsa-yu, uchib borsam, bag'rimga bossam. Ammo ilojim yo'q. Qanotlarim qirqilgan. Arzimagan bir necha ming so'mni deb azob chekib yuribman... Komandirimiz hozir katta ishda ekan, unga xat yoz, meni himoya qilsin. Sen meni o'limdan tortib olgan eding, bu erdan chiqib ketishimga ham yordam qil. Bolalarim yetim qolmasin... ” To'rt muchasi sog' Ramazon Yigitali qamalib ketganida barmog'ining uchini ham qimirlatmaydi, do'stining qadriga etmaydi. Do'ppi tor kelganda esa, insofli, diyonatli va oqibatli quroldoshini eslab qoladi. Frontda bunaqalarni “shkura” deyishar edi. Ramazon haqiqiy “shkura”, frontda ham qotirib jang qilmagan, o'z jonini o'ylagan. Bomba portlaganda yarador bo'lgan Yigitalini umuman o'ylamaydi. Lekin Yigitali inson, unga insoniylik his-tuyg'ulari yot emas, shuning uchun do'stidan biroz gina qilgan bo'lsa-da, komandiriga xat yozadi. Qarang, do'stidan bir yaxshilik ko'rmasa ham, yaxshilik qilish uning qon-qoniga singib ketgan.

“Ajab dunyo” hikoyasining ajabligi ham shunda. Adib sho'ro tuzumini ochiq qoralamaydi, lekin hikoya voqea va hodisalardagi mantiq shuni taqozo etadi.

Yuqorida misol keltirganimiz kabi ofitserlarga xulosa o'rnida shuni aytmoqchimanki, urushda mana shunaqa Yigitaliga o'xshagan jangchilar fashist gazandalarini enggan, front ortida esa kolxoz dalalarida, zavod-fabrikalardagi dastgohlarda erlari, otalari o'rniga mehnat qilgan ayollar va o'g'il-qizlar g'alabani yaqinlashtirgan. Shu ma'noda yoshlar bu kabi asarlarni ko'proq o'qishlari, o'qigani sari tinchlik, farovonlik davrida yashayotganini his qilishlari har tomonlama foydadan holi bo'lmaydi.

To'lqin Saydaliyev,

Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti dotsenti