Uchrashuvda Koreya kompaniyasiga sohaning soʻngi yillardagi oʻsish dinamikasi, sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishda xorijiy investorlarga Davlat va Uyushma tomonidan koʻrsatilayotgan huquqiy va amaliy koʻmak toʻgʻrisida atroflicha maʼlumotlar berildi. Shuningdek, Oʻzbekiston korxonalari tomonidan qayta ishlangan jun mahsulotlari, tayyor charm namunalari taqdim etildi.
“Sangwon” kompaniyasi vakili qayta ishlangan jun mahsulotlarini koʻzdan kechirib, mahalliy korxonalarning bu boradagi salohiyati yuqori ekanligini, Janubiy Koreyada bu turdagi jun mahsulotlariga talab yuqori ekanligini maʼlum qildi. Shuningdek, mamlakatimizdan nafaqat tayyor mahsulotlarni xarid qilish balki, yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish maqsad qilinganligi qayd etildi. Loyiha qiymati 15 million dollarni tashkil etadi.
Yangi loyiha Janubiy Koreya texnologiyasi asosida amalga oshiriladi. Bu yerda nafaqat Oʻzbekistonda, balki qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmanistonda hosil boʻlgan jun xom ashyosini ham qayta ishlash imkoniyati paydo boʻladi. Yangi loyiha bilan avvalo ishlab chiqarishga xalqaro standartlar joriy etilsa, ikkinchi navbatda tayyor mahsulotlar nafaqat Koreya, balki xalqaro maydonda talabgir mahsulotga aylanadi. Bugun Koreya avtosanoati uchun zarur boʻlgan charm mahsulotlar asosan kichik shoxli qoramol terisidan tayyorlanyapti. Boisi ayni sanoatda yumshoq teriga boʻlgan talab ortib boryapti. Biroq, bugungi kunda Janubiy Koreyada qoʻy terisi va undan tayyorlangan charm yetishmaydi. Shu sabab, ishonchli va uzoq yillik hamkorga ehtiyoj sezilyapti. Maʼlumki, Oʻzbekistonda bir yilda 9 million dona kichik shoxli qoramol terisi yetishtiriladi. Shuningdek, qoʻshni respublikalarda hosil boʻlgan xom terini ham qayta ishlash imkoniyati bor. Shu sabab, “Sangwon” kompaniyasi mamlakat avtosanoati uchun tayyor charmni Oʻzbekistondan xarid qilish maqsadga muvofiqligini taʼkidlab, bu borada hamkorlik qilish boʻyicha aniq rejalarini maʼlum qildi. Xususan, qoʻy terisidan tayyorlangan tayyor charmni xarid qilish boʻyicha kompaniya Oʻzbekiston korxonalariga charmning texnik parametrlarini yuboradigan boʻldi. Kelgusida katta miqdorda Oʻzbekistondan qoʻy terisidan ishlangan tayyor charm import qilinadigan boʻldi. Qayta ishlash jarayoni esa toʻliq Koreya texnologiyasi asosida amalga oshiriladi.
Uchrashuv soʻngida tez fursatda kompaniya vakillari Oʻzbekistonga tashrif buyurib, har ikki loyihani amalga oshirish boʻyicha mahalliy korxonalar bilan muzokaralarga kirishi yuzasidan kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.