Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Koreya konsorsiumining investitsiya loyihasi doirasida Toshkent shahrida tibbiyot klasterini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

Hujjatga muvofiq, sogʻliqni saqlash tizimida yuqori texnologiyalarni qoʻllash, tibbiyot sohasida zamonaviy ilmiy ishlanmalar va ilgʻor Koreya tajribasini joriy qilish, xalqaro darajadagi talablarga javob beruvchi yuqori malakali mutaxassislarning yangi avlodini tayyorlash uchun zarur sharoitlarni yaratish va Oʻzbekiston Respublikasida tibbiy turizmni rivojlantirishga asoslangan tibbiy xizmat koʻrsatishning sifatli tizimini takomillashtirish koʻzda tutilgan.

Xususan, Uclone&SNS Korea Inc, KIND biznes guruhi, KDBank aksiyadorlik guruhi, Shinhan Bank, K-Exim Bank, Koreyaning Chung-Ang universiteti taʼsischiligida Koreya konsorsiumining toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha asosida Toshkent shahrida 400 oʻrinli, kuniga 3 500 ambulator tashrifga moʻljallangan Tibbiyot markazi, shuningdek, quvvati 2 400 talaba (bakalavr, magistr)ga taʼlim berishga moʻljallangan Koreya tibbiyot universitetining filialini oʻz ichiga olgan umumiy qiymati 135,2 million dollar boʻlgan tibbiyot klasteri tashkil etiladi.

Loyihada belgilanishicha, tibbiyot klasterini qurish va foydalanishga topshirish BLT (build-lease-transfer) “qurilish – ijara – topshirish” platformasi asosida amalga oshiriladi va 25 yilga moʻljallanadi, shundan soʻng loyiha oʻzbek tarafining Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi boshqaruviga oʻtkaziladi.

Mazkur tibbiyot klasteri qurilishi uchun Toshkent tibbiyot akademiyasi hududida 4,8 gektar boʻlgan yer uchastkasi ajratish nazarda tutilgan, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

Hujjatda investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida obyektning qurilishi davrida uskunalar, xomashyo va materiallar, mashina va mexanizmlar, maxsus transport vositalari, ehtiyot qismlar va butlovchi mahsulotlar va texnik qurilmalar, buyumlar va asbob-uskunalar, dasturiy taʼminotlarni olib kirishda investor va uning subpudrat tashkilotlari bir qator bojxona va soliq imtiyozlaridan foydalanishi belgilangan.

Shuningdek, respublikada tegishli akkreditatsiyadan oʻtgan sinov laboratoriyalari mavjud boʻlmagan taqdirda import qilinayotgan materiallar, uskunalar, mashina va mexanizmlar, butlovchi mahsulotlar va texnik qurilmalar, texnologik jihozlar, ehtiyot qismlar, asboblar majburiy sertifikatlashdan ozod qilinishi ham belgilangan.