Koreya bilan koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish boʻyicha keyingi qadamlar belgilandi

    Joriy yil 30-31-may kunlari Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Koreya Respublikasida boʻldi.

    Tashrif dasturi doirasida Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma qoʻmitaning 12-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Tomonlar energetika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, infratuzilma va boshqa sohalardagi hamkorlikning muhim jihatlarini koʻrib chiqdilar. Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish boʻyicha keyingi qadamlar belgilandi va yakunda imzolangan Yigʻilish bayonnomasi bilan mustahkamlandi.

    Tashrif doirasida, shuningdek, Koreya Respublikasi savdo, sanoat va energetika vaziri, Eksimbank va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) rahbarlari, shuningdek, Koreyaning yetakchi kompaniyalari, jumladan KIA corporation, Samsung, Lotte Chemicals va boshqalar bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.