Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan Koreya respublikasining Davlat boshqaruvi va xavfsizlik vazirligi oʻrtasida elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasida hamkorlik qilish boʻyicha Oʻzbekiston — Koreya ekspertlar guruhi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur Anglashuv Memorandumi elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot yoʻnalishida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan barcha ustuvor loyihalar va dasturlar ishlab chiqilishi inobatga olingan holda 2017-yil 22-noyabrda Seul shahrida imzolangan Anglashuv memorandumiga qoʻshimcha sifatida imzolanadi.

Koreya ekspertlari bilan hamkorlikda, elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yoʻnalishida ustuvor loyihalar va dasturlar ishlab chiqish, elektron hukumatni rivojlantirish rejasini birgalikda tashkil etish bilan bogʻliq konsalting xizmatlarini koʻrsatish, elektron hukumat sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish toʻgʻrisida axborot almashish, davlat xizmatlarini elektron shaklga oʻtkazishni tashkiliy-texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha axborot almashish, elektron hukumat tizimini yana-da rivojlantirish boʻyicha tajriba almashish, elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish dasturidagi ustuvor qoʻshma loyihalarni amalga oshirish ustuvor vazifa qilib belgilangan, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.