Tadbirda Samsung Group, KIA Motors, LG Corporation, POSCO Group, Hyundai Motor Group, Lotte Group, Korea Telecom, KNOC kabi kompaniyalar rahbarlari, shuningdek, KITA Koreya xalqaro savdo uyushmasi va “KUBA” Koreya-Oʻzbekiston ishbilarmonlar assotsiatsiyasi vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida S.Umurzakov soʻzga chiqib, Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar yoʻlidan barqaror harakatlanayotganini hamda iqtisodiyotning oshkoraligini oshirish va jahon iqtisodiy makoniga integratsiyalashni davom etishga intilayotganini taʼkidladi. U, shuningdek, Koreya biznes vakillarini Oʻzbekistonda yaratilgan noyob imkoniyatlardan foydalanishga taklif etdi, tegishli masalalarni hal etishda har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbarining nutqi davomida bir qator yirik koreys kompaniyalarining Oʻzbekistonda keng koʻlamli yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish tajribasi qayd etildi. Soʻnggi bir necha yil ichida oʻzaro munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgan Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi iqtisodiy sheriklikni mustahkamlashda ishbilarmon doiralarning roli alohida taʼkidlandi.

Energetika, yengil sanoat, metallurgiya, axborot texnologiyalari, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va elektrotexnika kabi sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish hamda sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish uchun keng imkoniyatlar va ishga solinmagan zaxiralar muhokama etildi.

Koreya biznesining vakillari oʻz kompaniyalari haqida maʼlumot berdilar hamda hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari va tarmoqlari, shuningdek, qoʻshma loyihalar doirasida oʻzaro manfaatli sheriklik mexanizmlariga toʻxtalib, kelgusida Oʻzbekistonda faoliyat yuritish rejalari haqida fikr yuritdilar.

Davra suhbatida Oʻzbekiston va Koreya ishbilarmon doiralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda, Koreya xalqaro savdo uyushmasi bilan hamkorlik toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Ana shunday tashabbuslardan biri sifatida yaqin kelajakda Oʻzbekiston-Koreya biznes-forumi tashkil etilishi kutilmoqda, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.