Maʼlumot uchun, avvalroq Ekologiya vazirligi delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi chogʻida “K-eco” kompaniyasi bilan Jizzax viloyatida chiqindilarni qayta ishlash zavodi qurish boʻyicha 6,2 million dollarlik grant shartnomasi imzolangan edi.
Yigʻilishda 6,2 million dollarlik moliyalashtirilgan uchta asosiy loyiha – Maydontol, Dangʻara va Sharof Rashidov poligonlari koʻrib chiqildi. Shuningdek, mazkur loyihalar amalga oshirish bosqichida ekanligi va Oʻzbekistonning ekologik vaziyatni yaxshilash strategiyasida muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi. Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida, xususan, Maydontol va Dangʻara poligonlarida issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish boʻyicha xalqaro loyihalar bilan bogʻliq ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlari muhokama etildi.
Xorijiy delegatsiya “K-eco” turli ekologik loyihalarda faol qatnashayotganini alohida taʼkidladi. Ular orasida toza atmosferani yaratish, resurslarni qayta ishlash uchun barqaror jamiyat qurish, xavfsiz yashash muhitini yaratish va kelajak uchun institutsional salohiyatni mustahkamlash kiradi. Tashkilot ijtimoiy institut maqomiga ega boʻlib, ekologik tashabbuslarda faol ishtirok etadi.
Muzokaralar chogʻida tomonlar Oʻzbekistondagi ekologik vaziyatni sezilarli darajada yaxshilashi mumkin boʻlgan yangi texnologiyalarni joriy etish istiqbollarini muhokama qildilar. Xususan, asosiy eʼtibor chiqindixonalar va chiqindilarni boshqarish tizimlari uchun innovatsion yechimlarni ishlab chiqishga qaratildi.
Yakunda oʻzbekistonlik mutaxassislarning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi zamonaviy uslub va yondashuvlar bilan yaqindan tanishishlari, yangi texnologiyalar va amaliyotlar boʻyicha malaka oshirishlari uchun Koreyada treninglar tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati.