Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati xabariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida epidemiologik vaziyat barqarorlashgani inobatga olinib, Koreya Respublikasi tomonidan Oʻzbekiston qizil hududdagi davlatlar roʻyxatidan chiqarildi.
Shu munosabat bilan, shartnomasi mavjud hamda viza tasdiqnomalarining amal qilish muddati tugamagan fuqarolarni pandemiya davrida Koreya Respublikasiga tashkiliy tarzda joʻnatish tartibini kelishib olish boʻyicha Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan mazkur davlatning tegishli idoralari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Bugungi kunda fuqarolarni tashkiliy tarzda joʻnatishning aniq sanalari nomaʼlumligi sababli, shartnomasi kelgan va viza tasdiqnomalari mavjud fuqarolarning Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga taqdim qilinishi lozim boʻlgan hujjatlarni tayyorlab qoʻyishlari tavsiya qilinadi. Sudlanmaganlik toʻgʻrisidagi va tibbiy maʼlumotnomalarning amal qilish muddati berilgan kundan boshlab 3 oy ekanini eslatib oʻtamiz.
Janubiy Koreyaga fuqarolarni tashkiliy tarzda joʻnatish boʻyicha yangilik boʻlgan takdirda, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining rasmiy axborot kanallari orqali eʼlon qilib boriladi.
Xorijga chiqish pasportiga ega boʻlmagan fuqarolardan esa zudlik bilan xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish soʻraladi.