Uchrashuvda bojxona sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, amaliy hamkorlik loyihalarini hayotga tadbiq etishga bo‘lgan o‘zaro qiziqish qayd etildi.
Jumladan, tomonlar O‘zbekiston davlat bojxona qo‘mitasi delegatsiyasini Seulga amaliy tashrifini tashkil etish, shuningdek, bojxona organlarini strategik rivojlantirish va bojxona boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha maslahat berish uchun O‘zbekistonga Janubiy Koreya bojxona xizmati mutaxassislarini jalb etish bo‘yicha ish boshlashga tayyorligini bildirdi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, Koreya Respublikasi bojxona xizmati 10 ta mamlakatda elektron bojxona tizimlarini yaratishda qatnashib, 14 ta davlatda bojxona boshqaruvini modernizatsiya qilishga ko‘maklashgan.
Bundan tashqari, mezbonlar Koreya Respublikasi Bojxona va chegara nazorati o‘quv institutida O‘zbekiston davlat bojxona xizmati organlari xodimlari uchun o‘quv kurslarini tashkil etishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti va Janubiy Koreya Bojxona va chegara nazorati o‘quv instituti o‘rtasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, pedagog kadrlar malakasini oshirish, o‘quv dasturlari va talabalar almashinuvi bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Memorandum imzolash bo‘yicha kelishib oldi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.