Koreya Respublikasining yer axborot tizimlarini yaratish tajribasi va imkoniyatlarini oʻrganildi

    Agrosektor 3 Oktabr 2022 1648

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligida Geoaxborot texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmasi va Koreya Respublikasining “Geotwo Co. Ltd.” kompaniyasi vakillari oʻrtasida yer axborot tizimlarini yaratish tajribasi va imkoniyatlarini oʻrganish yuzasidan hamkorlik uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda dastlab Koreya Respublikasida joriy etilgan yer axborot tizimlarida qishloq xoʻjaligi yerlarining elektron koʻrinishdagi xaritalarini tuzish, bir davlat misolida sholi ekinini monitoring qilish pilot loyihalarining taqdimoti oʻtkazildi. Shuningdek, yaratilgan baza qatlamlari, jumladan, deshbord, NDVI xarita, yer klassifikatsiyasi va kodi, xarita servis menyusi, dron tasvirlari, elektron xaritalarni oʻlchash orqali maʼlumotlarni bazaga kiritish imkoniyati toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berib oʻtildi.

    Mehmonlar tomonidan koreys tajribasi misolida aholi punktlari va joylashuvini kosmik suratlar va uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida kuzatish, statistik maʼlumotlar guruhining yillar kesimida xronologik koʻrinishini taqdim etish va jadval shakliga oʻtkazish imkoniyati onlayn portalda namoyish etildi. Foydalanuvchining qatlamlardan foydalanishi davomida toʻrt yillik statistik maʼlumotlarni bir vaqtning oʻzida monitor orqali kuzatish jarayoni bilan ham tanishtirib oʻtildi.

    Muloqot natijasiga koʻra, yuqoridagi tajribani Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Raqamli qishloq xoʻjaligi” platformasi tarkibiga kiruvchi tizimlar, yerni masofadan zondlash va sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash sohasidagi loyihalarga joriy etish boʻyicha onlayn va anʼanaviy uchrashuvlar tashkil etish masalalari kelishib olindi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: Geotwo Co. Ltd. kompaniyasi Koreya Respublikasining geoaxborot va kosmik axborot sohasidagi eng ilgʻor va yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi.

    Maʼlumot uchun: Geotwo Co., Ltd. kompaniyasi Koreya Respublikasining geoaxborot va kosmik axborot sohasidagi eng ilgʻor va yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi.