Bir oydan beri faoliyat yuritayotgan ushbu laboratoriyani Janubiy Koreyaning mazkur OTM oʻqituvchi-professorlar tarkibi vakillari, hamda ularning qoʻl ostida tegishli taʼlim olgan mahalliy mutaxassislar boshqaradi va unda vaxta usulida ishlaydi.

Professor Seung Yun (Seung Joo, Yoon) tushuntirib berganidek, mazkur laboratoriya COVID-19 kasalligini tashxislash maqsadida PCR testini oʻtkazishga ixtisoslashgan. Uni tashkil etish zarurati Oʻzbekiston fuqarolarining Koreya Respublikasiga ketishi, jumladan, mehnat migratsiyasi doirasida yoʻl olishi tufayli paydo boʻlgan. Pandemiya sharoitida Koreyaga borishning muhim sharti sifatida Oʻzbekistondan uchishdan 48 soat avval COVID-19ga topshirilgan testning manfiy chiqishi sanaladi.

Toshkent shahrida Koreya laboratoriyasi ochilgunga qadar Koreyaga Oʻzbekistondan qoʻlida manfiy test natijasi bilan uchib borganlarning deyarli yarmi Seuldagi testdan oʻtganda koronavirus infeksiyasi yuqtirgani maʼlum boʻlgan. Bu laboratoriya ishlashni boshlashi bilan Koreyaga uchib borayotgan oʻzbekistonliklarning COVID bilan bogʻliq muammosiga chek qoʻyildi.

Bu har ikkala tomon uchun ham juda muhimdir. Chunki Koreyaga uchib borganlarda agar infeksiya aniqlansa, ular yo Koreyada oʻz hisobidan ikki hafta davomida davolanishi kerak boʻlgan. Bu 5 ming dollar atrofida xarajat degan soʻz. Yoki Oʻzbekistonga qaytib ketishi kerak boʻlgan. Bu ham oʻz hisobidan, albatta.

Milliy palata taklifiga muvofiq, Koreyalik shifokorlar Oʻzbekistonning COVID-19ga test oʻtkazadigan boshqa laboratoriya mutaxassislarini mazkur laboratoriya tajribasiga asosan oʻqitishga tayyor, deb xabar beradi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmati.