Unga asosan 2021-yil 16-17-mart kunlari Namangan viloyatida Yanggu okrugi hududida 5 oylik mavsumiy ishlarda (Ye-8 vizasi) vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlgan fuqarolar uchun Koreya Respublikasi kompaniyasi vakillari tomonidan tanlov oʻtkazilgan edi.
Mazkur tanlovda 35-45 yosh oraligʻidagi, oilali, sogʻlom, sudlanmagan, Koreya Respublikasi hududiga kirish va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqishda taqiqi boʻlmagan va xorijga chiqish pasportiga ega Namangan viloyatida doimiy istiqomat qiluvchi fuqarolar ishtirok etdi.
Tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtgan fuqarolarni koreyalik vakillar tomonidan oʻrnatilgan tartibda ketishdan oldingi oʻqitish va majburiy karantinda saqlash ishlari amalga oshirildi.
Kecha tunda shu fuqarolarning dastlabki guruhi, yaʼni 63 nafari Toshkent xalqaro aeroportidan charter reys orqali Koreyada 5 oylik mavsumiy ishlarda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun joʻnab ketdi.