Koreyada BIXPO-2022 xalqaro energetika koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi

    Xalqaro hamkorlik 2 Noyabr 2022 1001

    Bugun, 2-noyabrda Koreya Respublikasining Gvanju shahrida “Bitgaram International Expo of Electric Power Technology/BIXPO-2022” xalqaro energetika koʻrgazma va konferensiyasi oʻz ishini boshladi.

    Mazkur tadbir Koreyaning yirik elektr energetika kompaniyasi – “Korea Electric Power Corporation” (KEPCO) tomonidan oʻtkazilyapti. Unda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlaridan kelgan energetika kompaniyalari qatori Oʻzbekiston Energetika vazirligi delegatsiyasi ham ishtirok etyapti.

    Koʻrgazma uglerod neytralligi va energiya xavfsizligi masalalariga bagʻishlangan boʻlib, unda bir qator masalalar, xususan elektr energiyasi quvvatlarini oshirishda yashil energetikaning ulushini koʻpaytirish, eng zamonaviy energiya tejovchi qurilmalarni joriy etish, energiya resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, buning natijasida atmosferaga zararli chiqindilar chiqishini oldini olish kabi muhim masalalar ilgari surilyapti.

    Koʻrgazma doirasida bugun kunning ikkinchi yarmida Energetika vazirligi delegatsiyasi va KEPCO kompaniyasi prezidenti bilan uchrashuv oʻtkazilishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.