Mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan taqdimot chogʻida Oʻzbekistonda milliy oʻziga xoslik va mustaqillikning ramzi boʻlgan davlat tili sifatida oʻzbek tilining oʻrni va obroʻsini oshirishga katta eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.
Xankuk universiteti Markaziy Osiyo tillari kafedrasi professori Li Ji In taqdim etilgan “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” nusxalari uchun minnatdorlik bildirdi va ushbu nashr talabalarga dunyodagi eng boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili soʻzlari maʼnolarini tushunishda katta yordam berishini taʼkidladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
— Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar kengayib borar ekan, koreys yoshlari orasida oʻzbek tiliga qiziqish tobora ortib boryapti, — dedi Li Ji In. — Hozirgi kunda universitetimizda 20 nafar talaba oʻzbek tilini oʻrganmoqda.