2020-yilda pandemiya sababli Koreya Respublikasiga barcha ishchi kuchi yetkazib beruvchi davlatlar qatorida oʻzbekistonlik mehnat migrantlarining oqimi sezilarli darajada qisqardi. 2021-yil 5-noyabr kuni Koreya Respublikasi maxsus komissiyasining qaroriga asosan chet ellik ishchilarni Koreya davlatiga kirishiga ruxsat berilgach, pandemiya cheklovlari sharoitida fuqarolarni tashkiliy tarzda ishga joʻnatish boshlangan edi.
Ikki davlatdagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, hozirgi vaqtda ushbu jarayonlar toʻliq tiklanmoqda. Shu munosabat bilan, Koreya Respublikasida ishlash istagidagi fuqarolar uchun 2022-yilda koreys tili boʻyicha EPS-Topik hamda malaka test imtihonlari boʻlib oʻtishi rejalashtirildi. Ushbu imtihonlarda ishtirok etish uchun joriy yil 28-aprel kuni labormigration.uz dasturiy majmuasidan 16 601 nafar nomzod roʻyxatdan oʻtdi.
Oʻzbekiston va Koreya Respublikalari Bandlik va mehnat vazirliklari oʻrtasida tuzilgan “Ishchilarni bandlikka ruxsat berish tizimi asosida Koreya Respublikasiga yuborish toʻgʻrisida”gi anglashuv memorandumiga muvofiq, roʻyxatdan oʻtgan nomzodlar uchun koreys tilidan EPS-Topik test imtihoni 2022-yil 2-iyundan 15-iyulgacha boʻlib oʻtadi. Imtihon Toshkent shahri Yangihayot tumani Lutfikor koʻchasi 33-uyda joylashgan Mehnat organlari xodimlari malakasini oshirish respublika kurslari binosida oʻtkaziladi.
Imtihonda ishtirok etish uchun nomzodlardan fuqarolik va xorijga chiqish pasporti, 3,5 x 4,5 hajmdagi oq fonli va rangli 2 dona fotosurat talab etiladi. Imtihonda ishtirok etuvchi nomzodlar roʻyxati labormigration.uz dasturiy majmuasida eʼlon qilingan.
Imtihonda ishtirok etuvchi nomzodlar fuqarolik hamda xorijga chiqish pasportini olib kelmagan taqdirda imtihonga kiritilmaydi. Fuqarolar imtihonga belgilangan vaqtdan bir soat oldin koʻrsatilgan manzilga yetib kelishi va roʻyxatdan oʻtishi lozim. Belgilangan sana va vaqtdan kech qolgan fuqarolar imtihonga kiritilmaydi.
Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati shartlariga koʻra, EPS-Topik UBT test imtihonlari takror yoki qayta appelyatsiya tarzida oʻtkazilmaydi. Test imtihonida elektron vositalar, xususan, mobil telefon, elektron soat, shpargalka kabilardan foydalanish qatʼiyan man etiladi.
Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati talablariga muvofiq, EPS-Topik UBT test imtihoni qoidalarini buzgan fuqarolar 3 yil davomida test imtihonida qatnashish imkoniyatidan mahrum boʻladi. EPS-Topik UBT yangi tartibda joriy qilingan boʻlib, bunda imtihonni yanada shaffof oʻtkazish koʻzda tutilgan. Imtihon vaqtidagi har bir nojoʻya harakatlar kamera orqali aniqlanib boriladi.
Test imtihoni chet el vakillari ishtirokida oʻtkazilishini inobatga olingan holda imtihon jarayonida navbatga rioya qilish, tartibli boʻlish, shovqin qilmay, boshqa fuqarolar manfaatiga putur yetkazmasdan ishtirok etish soʻraladi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi test imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan fuqarolarni Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirishini kafolatlamaydi.
Muammo va kamchiliklar yuzaga kelganda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga 71 202-33-55 telefon raqami orqali murojaat qilishingiz mumkin.
Tashqi mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish maqsadida qator rivojlangan davlatlarning vakolatli tashkilotlari va salohiyatli ish beruvchilari bilan kelishuvlarga erishilmoqda.
Shu jumladan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Germaniyaning bir nechta ish beruvchi tashkilotlari oʻrtasidagi kelishuvlarga koʻra, hozirgi vaqtda tibbiyot, mehmonxona biznesi, turizm, logistika kabi sohalarda boʻsh ish oʻrinlari taklif etilmoqda. Nemis tilini V1 yoki V2 darajada biladigan hamda sohada tajribaga ega fuqarolar murojaat qilishlari mumkin. Taʼkidlash joiz, yuqoridagi ish oʻrinlari uchun nomzodlarni ketishdan avval chet tili va kasbiy tayyorlash imkoniyatlari ham mavjud.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Angliyaning “Pro-Force” tashkiloti oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq, ushbu davlatda mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlaridagi boʻsh ish oʻrinlari uchun joriy yil 24-may kuni 4000 dan ortiq yurtdoshlarimiz onlayn roʻyxatdan oʻtgan. Yaqin kunlarda roʻyxatdan oʻtgan nomzodlar bilan “Pro-Force” tashkiloti vakillari tomonidan onlayn tanlovlar oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.