Shahar hokimi oʻrinbosari Sharof Rahmonov Korea Land & Housing korporatsiyasi Bosh menejeri XA Yon Su boshchiligidagi ishbilarmonlar guruhini qabul qildi.
Oʻzaro muloqot davomida Bektemir tumanida bunyod etilishi koʻzda tutilgan “Xalqaro innovatsion qurilish kompleksi va zamonaviy aqlli shahar barpo etish” loyihasi doirasida Koreya tomonidan tuzilgan konsorsium doirasidagi ishlar muhokama etildi.
Uchrashuvda Janubiy Koreyaning Smart City qurish texnologiyasi taqdimoti oʻtkazilib, Smart City bosh rejasining texnik parametrlari koʻrib chiqildi. Shuningdek, loyihaning urbanizatsiya jarayoni va tegishli meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, Smart City bunyod etish uchun zarur boʻladigan jarayonlar xususida soʻz yuritildi.
Bektemir tumaniga moʻljallangan loyiha doirasida bosh reja hamda uning texnik-iqtisodiy asosi (TIA)ni ishlab chiqish Koreya Respublikasi hukumati granti asosida amalga oshiriladi. Bugungi kunda loyihani amaliyotga joriy etish doirasida Koreya tomonidan tuzilgan konsorsiumda aʼzo tashkilotlar va Toshkent shahar hamda Bektemir tumani hokimliklari masʼullari faol ish olib borishyapti.
Loyiha doirasida Oʻzbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi rahbariyati va loyihaga aloqador davlat organlari bilan uchrashuvlarni oʻtkazish, loyiha amalga oshiriladigan hudud va poytaxtimizda olib borilayotgan shaharsozlik ishlari bilan tanishish hamda Koreya tomonidan bosh reja va TIAni ishlab chiqish uchun soʻralgan maʼlumotlarni taqdim etish koʻzda tutilgan, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.