Koreyalik sarmoyadorlar Oʻzbekistonda Qoʻshma Korxona ochmoqchi

    Sanoat 10 Fevral 2023 1121

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi hamda Koreya Respublikasining “Sang Won Hi Tech Co., LTD” (Zhang Jia Gang Line Machinary I & E Co.,LTD) kompaniyasi rahbari Kisung Leye va Keun Soo bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Muloqotda Koreyalik investorning koʻzlangan asosiy maqsadi nafaqat ikki davlat oʻrtasida charm-poyabzal va moʻynachilik sohasida savdo-iqtisodiy munosabatlarning bugungi holatini koʻrib chiqish, balki Oʻzbekistonda granula bilan jun mahsulotalarini qoʻshib sintetika tola ishlab chiqaradigan korxona tashkil etish.

    Yurtimizda jun mahsulotlari koʻp boʻlganligi uchun “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi tizimidagi korxonalar tomonidan junni qayta ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanuvchi korxonalar hamkorligida sintetika tola ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishdan iboratligini maʼlum qilishdi.

    Uchrashuv avvalida Uyushma rahbariyati xorijlik tadbirkorga mamlakatimizning charm-poyabzal va moʻynachilik sanoatiga oid qonunchilikdagi soʻngi oʻzgarishlar, investorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar va ularga berilayotgan imtiyozlar haqida maʼlumot taqdim etdi. Shu bilan birga rahbariyat tomonidan eksport koʻrsatkichlarini yanada oshirish va Koreyalik investorlarni mamlakatimizga faol jalb etish masalalari koʻrib chiqildi. Rejalashtirilayotgan yangi loyiha boʻyicha takliflari atroflicha muhokama etildi.

    Ushbu loyiha faoliyati asosan jun mahsulotlari bilan sintetikani aralashtirgan holdan undan sintetik tola ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan. Koreyalik investorlar oʻzlarining ishlab chiqargan tolalaridan poyabzal, avtomobil oʻrindiqlari, sunʼiy charm va mebel sanoatida ham keng foydalanib kelayotganini taʼkidlashdi.

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi Koreya kompaniyasi tashabbusini har tomonlama qoʻllab-quvvatladi. Yaqindan hamkorlik qilish boʻyicha amaliy va tashkiliy masalalarda yordam berishga tayyor ekanligini maʼlum qildi. Uchrashuvda yangi qoʻshma korxonani barpo etish va foydalanishga topshirish boʻyicha tashkiliy masalalar atroflicha muhokama qilib olindi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.