Toshkent viloyati hokimi kecha “Janubiy Koreya – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi kotibiyati ijrochi direktori Li Chong Guk bilan uchrashuv oʻtkazdi. Muloqot davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarning hozirgi kundagi darajasiga yuqori baho berildi.
Jumladan, Li Chong Guk Oʻzbekiston Janubiy Koreya uchun mintaqadagi eng muhim strategik hamkor ekanligini taʼkidlab, soʻnggi yillarda ikki mamlakat rahbarlari oʻrtasidagi yaqin munosabatlar davlatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarning jadal tarzda rivojlanishiga turtki boʻlayotganini alohida qad etdi.
Uchrashuvda tomonlar transport-logistika, qishloq xoʻjaligi, sanoat zonalari, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalarda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish va mavjud loyihalarni tizimli davom ettirishga kelishib oldi.
Janubiy Koreya vakillari hozirda Oʻzbekistonda dorivor oʻsimliklar, tibbiyot, baliqchilik va sanoatni rivojlantirish sohalarida loyihalar amalga oshirayotgani haqida maʼlumot berildi.
Tomonlar hamkorlikni davom ettirish va yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yoʻllarini birgalikda koʻrib chiqishga tayyorliklarini bildirdi.