Koreyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Madaniyat 2 Iyul 2021 618

    Bugun Kinematografiya agentligida Koreyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuv davomida “Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali doirasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

    Eslatib oʻtamiz, joriy yilning sentyabr oyida boʻlib oʻtadigan Koreya kinofestivali va Toshkent xalqaro kinofestivali deyarli bir vaqtda oʻtkaziladi. Shu munosabat bilan Koreya vakillari qoʻshma tadbir oʻtkazish va saʼy-harakatlarni birlashtirishga qiziqish bildirishdi. Shuningdek, Koreya elchixonasi vakillari Toshkent xalqaro kinofestivalini tashkillashtirishda oʻzlarining yordamlarini taklif etdi. Toshkent kinofestivalida namoyish etish uchun koreys filmlarining DVD formatidagi nusxalari tayyorlanayotganligi taʼkidlab oʻtildi. Kinofestival doirasida Koreya kinosi kunini oʻtkazish masalasi ham muhokama qilindi.

    Koreya kinosi kuni dasturini Koreyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakillari bilan hamkorlikda ishlab chiqish rejalashtirilgan. Tadbirga Koreya kinematografiyasining taniqli vakillarini taklif etish zarurligi taʼkidlab oʻtildi. Shuningdek, uchrashuv davomida Koreya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni mustahkamlash boʻyicha navbatdagi masalalar ham koʻrib chiqildi.

    Uchrashuv yakunida elchixona vakillariga “Oʻzbekistonning madaniy merosi jahon toʻplamlarida” loyihasi haqida maʼlumot berildi. Bu borada Koreya muzeylari bilan hamkorlik masalalari oʻrganilmoqda va loyiha joriy yilning oxirida yakunlanishi maʼlum qilindi, deb xabar beradi Kinematografiya agentligi matbuot xizmati.