Koronavirus bilan kasallanganlar qayta infeksiya yuqtirishdan toʻliq himoyalanmagan

    Maunt-Sinay tibbiyot markazidagi Ikan tibbiyot maktabi olimlari oʻtkazgan tadqiqot natijalari shunday xulosani berdi.

    Daily Mail xabariga koʻra, olimlar 18 dan 20 yoshgacha boʻlgan AQSH dengiz piyoda qoʻshinlarining 3000 dan ortiq sogʻlom aʼzolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tekshirdi. Natijada ilgari koronavirus bilan kasallangan harbiylarning taxminan 10 foizi kasallikni qayta yuqtirganligi aniqlandi.

    Tadqiqot mualliflari, avval yuqtirilgan infeksiyaga va antitanachalarning mavjudligiga qaramay, immunitetni kuchaytirish, qayta infeksiyaning oldini olish va yuqish xavfini kamaytirish uchun emlash zarurligi haqida ogohlantirgan.

    2020-yil may va noyabr oylari orasida oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, koronavirus bilan kasallangan 189 nafar dengiz piyodasidan 19 nafari yana COVID -19 bilan kasallangan. Ushbu maʼlumotlar avval kasallanmagan ishtirokchilarning 50 foizida (2247 dan 1079 nafarida) yangi yuqtirish darajasi bilan taqqoslangan.

    Tadqiqot yosh, sogʻlom va asosan erkaklar orasida oʻtkazilgan boʻlsa-da, tadqiqotchilar koʻplab yoshlarda qayta yuqtirish xavfi mavjud deb hisoblashadi. Biroq, qayta yuqtirish harbiy bazada odamlarning zichligi tufayli sodir boʻlgan. Jamoaning taʼkidlashicha, asosiy mashgʻulotlar uchun zarur boʻlgan aloqalar yuqtirishning umumiy darajasi yuqori boʻlishiga yordam bergan.

    Masalan, Daniyada oʻtkazilgan 4 million kishini tadqiq qilish shuni koʻrsatdiki, ilgari kasallikka chalinmagan odamlarda yuqtirish xavfi 5 baravar yuqori. Ammo tadqiqotchilar aniqladilarki, Daniyada birinchi toʻlqin paytida koronavirus bilan kasallanganlarning atigi 0,65 foizida ikkinchi toʻlqin paytida yana musbat holat kuzatilgan, deyiladi maqolada.

    Shuningdek, ingliz tibbiyot xodimlari ishtirokida nashr etilmagan bir tadqiqot shuni koʻrsatdiki, ilgari kasallik yuqtirmaganlarning yuqtirish xavfi avval yuqtirganlarga qaraganda besh baravar yuqori.

    “Shuni esda tutish kerakki, avvalgi infeksiyaga qaramay, yoshlar yana virusni yuqtirishlari mumkin. Oʻtmishdagi infeksiya immunitetni kafolatlamaydi va qoʻshimcha himoyani taʼminlaydigan emlash koronavirusni yuqtirganlar uchun hali ham zarurdir”, — deydi tadqiqot mualliflaridan biri Styuart Silfon.