Buning uchun xususiy shifoxona Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar va viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmalari bilan koronavirus infeksiyasini davolash boʻyicha ixtiyoriy shartnoma imzolashi belgilangan.

Qolaversa, kelishuvga muvofiq, xususiy tibbiyot muassasasi sanitariya epidemiologiya qoidalariga, kasallikni aniqlash va davolash standartlariga qatʼiy rioya qilishi, davolash boʻyicha olib borilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarni elektron axborot tizimi orqali muntazam ravishda taqdim etib borishi lozim.

Biroq oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, “COVID-19” infeksiyasini davolash boʻyicha tegishli ruxsat olgan barcha xususiy tibbiyot muassasalari ham shartnomada koʻrsatilgan talablarga toʻliq rioya qilayotgani yoʻq.

Jumladan, ayrim xususiy tibbiyot muassasalarida koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash standartiga zid ravishda shifokorlar tomonidan bemorlarga antibiotik, gormon va boshqa dori vositalarini buyurish holatlari kuzatilmoqda. Buning natijasida ushbu tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlar ahvoli yana-da ogʻirlashib, hatto, ularning oʻlimiga ham sabab boʻlmoqda.

— Bugungi kunda poytaxtimizdagi 25 ta, viloyatlardagi 6 ta xususiy shifoxonaga “COVID-19”ga chalingan bemorlarni davolash boʻyicha ruxsat berilgan, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi boshqarma boshligʻi Farhod RAHIMQULOV. — Afsuski, soʻnggi vaqtlarda tegishli tartibda ruxsat olmagan ayrim xususiy shifoxonalar tomonidan laborator (PZR) tasdiqlanmagan pnevmoniya kasalliklarini “bu koronavirus emas” degan asos bilan davolash holatlari kuzatilmoqda.

Natijada yetarli darajada jihozlanmagan, bilim va saviyaga ega boʻlmagan, sanitariya talablariga rioya etilmagan bunday shifoxonalarda davolanayotgan bemorlar ogʻir asoratlar bilan koronavirusni davolashga ixtisoslashgan davlat tibbiyot muassasalariga oʻtkazilmoqda.

Bundan tashqari, “COVID-19” infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash uchun ixtiyoriy shartnoma imzolagan ayrim xususiy shifoxonalarda ham davolash standartlariga amal qilmaslik oqibatida bemorlarning ahvoli yana-da ogʻirlashib, boshqa tibbiyot muassasalariga oʻtkazilayotgan holatlar ham uchrab turibdi.

Misol uchun, koronavirus kasalligini davolashga ruxsat olgan poytaxtimizdagi “ASIA SHINE HOSPITAL” xususiy shifoxonasida oʻtkazilgan monitoring davomida bu yerda bemorlarga yuritilgan kasallik tarixlari toʻliq va sifatli toʻldirilmaganligi, “COVID-19”ga chalingan shaxslarni davolash boʻyicha standart talablariga toʻliq rioya qilinmaganligi, tashkilot “bemor.ssv.uz” elektron axborot tizimiga ulanmaganligi hamda koronavirus boʻyicha hisobotlarni muntazam ravishda taqdim etmasdan kelganligi aniqlandi. Natijada yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar ushbu shifoxonada davolangan bemor ahvolining ogʻirlashishiga, keyinchalik esa davlat tibbiyot muassasisida vafot etishiga sabab boʻlgan.

Shu bois, ushbu xususiy muassasa bilan Toshkent shahar sogʻliqni saqlash boshqarmasi oʻrtasida koronavirusga chalingan bemorlarni davolash boʻyicha 2021-yil 19-iyulda imzolangan shartnomani bir tomonlama bekor qilish boʻyicha qaror qabul qilindi.

Qolaversa, 10-avgustga qadar ushbu shifoxonada koronavirus bilan davolanayotgan 16 nafar bemorni boshqa shifoxonalarga oʻtkazish hamda mazkur sanadan boshlab bu yoʻnalishda bemorlarni davolash boʻyicha faoliyatini toʻxtatishga majburiy koʻrsatma berildi.

Shu bilan birga, ushbu davolash muassasada yoʻl qoʻyilgan qonunbuzilish holatlari yuzasidan prokuratura organlariga ham maʼlumot yuboriladi.

Vazirlik, yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar “COVID-19” infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda belgilangan diagnostika va davolash standartlariga amal qilish lozimligini yana bir bor eslatib, ushbu davolash muassasalarda nazorat ishlarini muntazam olib borilishini maʼlum qiladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.