Koronavirus eshitish qobiliyatining pasayishiga olib kelishi mumkin

    Koronavirus eshitish qobiliyaning pasayishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda oliy toifali shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi Vladimir Zaysev oʻz intervyusida maʼlum qildi, deb yozadi radiosputnik.ria.ru.

    Mutaxassis buning sabablariga toʻxtalgan. Uning aytishicha, birinchi sabab — virus asab tizimiga taʼsir qiladi.

    “Koronavirus infeksiyasi — neyrotrop virus boʻlib, asab tizimiga taʼsir etib, eshitish qobiliyati pasayishiga olib kelishi mumkin. Bunday holatda eshitish nervlarining hujayralariga zarar yetadi, odam eshitish qobiliyatini yoʻqota boshlaydi. Aynan shuning taʼsirida yuqori, quyi hamda oʻrta chastotalar yoʻqolishi mumkin”.

    Ikkinchi sabab koronavirus taʼsirida yevstaxiitning yuzaga kelishi, yaʼni eshitish naychasi shilliq qavatining yalligʻlanishi bilan bogʻliq.

    Vladimir Zaysev eshitish qobiliyatining pasayishi bilan bogʻliq holatlar kuzatilganida mustaqil davolash choralarini koʻrmasdan, darhol shifokorga murojaat qilish kerakligini qayd etdi.