“Koronavirus rivojlanishining soʻnggi tendensiyalarini baholash qiyin, — deydi tashkilot rahbari Tedros Gebreyesus. — Chunki koʻplab davlatlar sinov dasturlarini qisqartirgan.
Qolaversa, hozir BA.2, BA.4 va BA.5 kabi “omikron” variantlarini diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Bundan tashqari, BA.1 va BA.2 variantlaridan iborat yana bir mutatsiya turini aniqladik”.
T. Gebreyesusning xulosasiga koʻra, bunday vaziyatda salomatlikni himoya qilishning eng yaxshi usuli — emlanish, xususan, vaksinaning buster dozasini qabul qilish. Shu bilan birga, aholi gavjum joylarda tibbiy niqob taqishda davom etishimiz zarur.
JSSTning Favqulodda vaziyatlar boʻyicha direktori Maykl Rayan ham shu fikrni qoʻllab-quvvatlab, “Oʻlim darajasi pasayayotganidan xursandmiz, ammo bu virus bizni takror va takror “hayrat”da qoldirganini unutib boʻlmaydi”, deya qayd etdi.
JSSTning yetakchi olimi Sumiya Svaminatan koronavirus yana mutatsiyaga uchrashda davom etishi va yangi shtammlar paydo boʻlishi xavfidan ogohlantirdi.
“Biz hatto bu infeksiyaning bir kun kelib, mavjud immunitet toʻsigʻini yengib oʻtishi mumkinligiga ham tayyor turishimiz kerak”, — deydi u.
Shundan kelib chiqib, Xalqaro sogʻliqni saqlash qoidalari boʻyicha favqulodda vaziyatlar qoʻmitasi pandemiya global sogʻliqni saqlash sohasida favqulodda holat boʻlib qolishiga bir ovozdan rozilik berdi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.