Unga koʻra, masʼullar oʻzaro oldindan til biriktirib, dori vositalari va tibbiyot uskunalarini qimmat narxlarda sotib olib, jamgʻarmaning 2,8 mlrd soʻm mablagʻlarini talon-toroj qilgani aniqlangan. Jinoyat ishi boʻyicha toʻlaqonli taftish tayinlangan. Aybdorlarning tegishli javobgarlikka tortilishi, yetkazilgan zararni qoplash choralari koʻrilishi taʼminlanadi.
Pandemiya munosabati bilan ajratilgan pul mablagʻlarini noqonuniy oʻzlashtirish holatlari bundan avval ham aniqlangan. Jumladan, Andijon, Namangan, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlari va boshqa hududlarda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi mansabdor shaxslari tomonidan katta miqdordagi pul mablagʻlari noqonuniy oʻzlashtirilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga fuqarolardan ushbu masala yuzasidan tegishli choralar koʻrish boʻyicha koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda. Tabiiyki, ayrim mansabdorlar tomonidan bunday hatti-harakatlarning, ayniqsa, pandemiya munosabati bilan yuzaga kelgan murakkab davrda amalga oshirilishi aholining keskin eʼtirozi va noroziligiga sabab boʻlmoqda.
Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6013-son Farmonning 2-bandi talablari doirasida Agentlik keng qamrovli oʻrganishlar boshlanganligini maʼlum qiladi.
Qayd qilingan farmonning 3-bandiga asosan, korrupsiyaga oid, birinchi navbatda, Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga va xalqaro imidjiga zarar yetkazuvchi jinoyatlarni tergov qilish natijalarini tahlil qilish Agentlikning bevosita vazifasi hisoblanadi.
Tahlil natijalari jamoatchilik eʼtiboriga yetkaziladi.