«Bugungi kunda Oʻzbekistonda koronavirus bilan 54 mingdan ortiq odam zararlangan boʻlsa, bu aholining 0,15 foizini tashkil qiladi. Oʻlim koʻrsatkichi esa Oʻzbekistonda boshqa davlatlar bilan solishtirganda juda past.

Boshida kerakli narsalarni chet davlatlardan import qilishga toʻgʻri kelgan boʻlsa, hozir oʻzimizda ham ishlab chiqarish imkoniyati kengaytirilmoqda. Masalan, bugungi kunda Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi laboratoriyada oyiga bir million test ishlab chiqarilmoqda. Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan tibbiy niqoblar hajmi esa kuniga 7 millionga yetkazildi», dedi Behzod Musayev.

U pandemiya davrida 3ta narsaga eʼtibor qaratilgani, birinchi navbatda, shifoxonalarni tayyorlash, keyingi oʻrinda ularni jihozlash masalalari turgani, uchinchi masala esa kadrlar va dori-darmonlarni tayyorlashni hal qilish boʻlganini aytib oʻtdi.

Qayd etilishicha, shifoxonalarni, saralash-taqsimlash markazlarini tayyorlash ishlari, kerakli tibbiyot jihozlarini sotib olish yetarlicha amalga oshirilgan.

Behzod Musayev koronavirusga qarshi vaksina xarid qilish masalasiga ham toʻxtalib oʻtdi.

«Hozirgi kunda Xitoyning 2ta kompaniyasi vaksinalarning uchinchi bosqichdagi sinovlarini oʻtkazmoqda. Rossiya Federatsiyasi ham vaksina sinovi ishlarini olib bormoqda. Davlat rahbari tomonidan Xitoy bilan ham, Rossiya Federatsiyasi bilan ham vaksina masalasida hamkorlikni kengaytirishga yoʻl ochib berildi.

Bu jarayonda ishtirok etish bilan fanimiz rivojlanadi. Vaksinatsiya ishlarini oʻrganish orqali olimlarimiz koʻp narsa oʻrganishi mumkin va yangi narsalarga yoʻl ochiladi», dedi bosh vazir oʻrinbosari Xalqaro press-klubning “Oʻzbekiston-BMT: muhim tashabbuslar va aktual takliflar” mavzudagi prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasida soʻzlagan nutqiga bagʻishlangan sessiyasida.