Unda 15 iyul` kuni mamlakatimiz Prezidenti SHavkat Mirziyoev rahbarligida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koronavirus pandemiyasi bilan bog'liq vaziyatga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida belgilab berilgan vazifalarni o'z vaqtida va samarali bajarish masalalari muhokama qilindi. Bu borada mutasaddi vazirlik va idoralarning mas'uliyatini yanada oshirish, rahbarlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga alohida e'tibor qaratildi.
Maxsus komissiya yig'ilishida koronavirus infektsiyasining odamlar orasida keng tarqalishi oldini olish va ushbu kasallikka chalingan bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko'rsatish bo'yicha amaliy chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, pandemiya davrida aholiga tibbiy xizmat ko'rsatish uzluksizligini ta'minlash, koronavirusga tekshiruvlarni tezkor va samarali tashkil etish va bemorlarni kerakli dori-darmonlar bilan ta'minlash bo'yicha birinchi galda qilinadigan ishlarga e'tibor qaratildi.
Komissiya yig'ilishida uyida davolanayotgan koronavirus bemorlarini bepul dori-darmonlar bilan ta'minlash yuzasidan qaror qabul qilinib, ularga etkazib beriladigan dori-darmonlar ruyxati tasdiqlandi.
Bundan buyon koronavirus kasalligidan uyida davlanayotgan bemorlarga “Gidroksixloroxin”, “Azitromitsin”, “Paratsetamol”, “Vitamin S” kabi dori-darmonlar hamda bir martalik tibbiy niqoblarni belgilangan me'yorda, bepul etkazib berish yo'lga qo'yiladi.
Koronavirus infektsiyasi bo'yicha test natijalari musbat natija bergan hamda kasallik engil kechayotganligi sababli shifokorlar tavsiyasiga asosan uyida davolanayotgan bemorlar mazkur tibbiy vositalar bilan bepul ta'minlanadi.
Yig'ilishda Sog'liqni saqlash vazirligi hamda tegishli idoralarga zudlik bilan mazkur dori-darmonlarning 50 mingta to'plamini shakllantirish va uyida davolanayotgan bemorlarga etkazib berish tizimini yo'lga qo'yish vazifasi yuklatildi.