Internet tarmogʻida shifoxonada vafot etgan bemorlarning jasadini yaqinlariga topshirish jarayoniga oid tarqalgan mish-mishlar yuzasidan shuni maʼlum qilamizki, bemor vafot etgan taqdirda hech qachon biror shifokor uni shunday chiqarib yaqinlariga berib yubora olmaydi. Bunday holat yuz bergan taqdirda oʻsha xodimga nisbatan chora koʻriladi.

— Birinchidan, jasadni uning yaqinlariga berish jarayoniga davolovchi shifokor aralashmaydi. Ikkinchidan, barcha ishlar patologik anatomiya muassasasida belgilangan tartibda bajariladi. Qolaversa, muassasa xodimi jasadni oʻrashdan oldin, albatta uning yuzini yaqinlariga koʻrsatib, aniqlik kiritadi. Barcha jarayonlar hujjatda toʻla aks etadi, — deydi Respublika patologik anatomiya markazi direktori, professor Rajabboy Isroilov.

Hozirgi kunda koronavirusdan vafot etgan bemorlarni dafn etish jarayonlari Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Respublika sanitariya epidemiologik osoyishtalik agentligi xodimlari ishtirokida amalga oshiriladi.

Vazirlik mutasaddi vakili pandemiyani bartaraf etish uchun mamlakatimiz rahbariyati va sogʻliqni saqlash tizimi tomonidan zarur boʻlgan barcha choralar koʻrilayotgani, shunday sharoitda yurtdoshlarimizni turli asossiz xabarlarga ishonib qolmaslikka chaqirgan. Shuningdek, asossiz xabarlar tarqatib, odamlar orasida vahima uygʻotishga uringanlar uchun ham qonunchilikda javobgarlik borligini eslatib oʻtgan.