Koronavirusga chalingan bolalar uy sharoitida qanday davolanadi?

    Salomatlik 17 Yanvar 2022 2106

    Farzandingizda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Uni uy sharoitida qanday davolash mumkin? Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Abdumannon Abduqayumovning tavsiyalari shu haqda.

    Koronavirusning yangi shtammi aksariyat bemorlar, ayniqsa, bolalarda yengil kechmoqda. U asosan tana haroratining koʻtarilishi, tomoq ogʻrigʻi, burun oqishi, yoʻtal, bosh ogʻrigʻi belgilari bilan namoyon boʻladi.

    Taʼm va hid bilish qobiliyatining yoʻqolishi deyarli kuzatilmaydi. Bolalarda baʼzi hollarda turli toshmalar ham paydo boʻlishi mumkin.

    Tana harorati bir yoshgacha boʻlgan bolalarda 38,0, bir yoshdan oshgan oʻgʻil-qizlarda esa 38,5 darajadan oshmaguncha, hech qanday dori vositalari berish tavsiya etilmaydi. Ayniqsa, antibiotiklar virusli infeksiyalarda umuman natija bermaydi.

    Tana harorati yuqoridagi oʻlchovlardan oshganda, ibuprofen yoki paratsetamol ichirish tavsiya etiladi. Kichik yoshli bolalarga isitma tushiruvchi svechalarni ham qoʻllasa boʻladi.

    Uy sharoitida koronavirusga chalingan bolalarga:

    - 3 kungacha har soatda oz-ozdan suyuqlik ichiriladi;

    - darmondorilarga boy taom va mahsulotlar beriladi,

    - oʻz vaqtida va meʼyorida uxlashi hamda sovqotib qolmasligi choralari koʻriladi,

    - turli vitaminlar isteʼmol qilinadi.

    Agar bolalarda kasallik davomida:

    - nafas yetishmovchiligi,

    - hansirash,

    - lablarning chetlari koʻkarishi,

    - holsizlik,

    - chuqur yoʻtal belgilari paydo boʻlsa, oilaviy shifokor yoki mahalliy pediatr bilan maslahatlashgan holda bemorning statsionar tarzda davolanishi masalasi koʻrib chiqilishi kerak.

    Shu oʻrinda farzandlariga COVID-19 tashxisi qoʻyilgan ota-onalardan ortiqcha xavotir va sarosimaga berilmay, shifokor tavsiyalariga amal qilishlarini soʻraymiz.

    Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.