Xoʻsh, buning asosiy sabablari nimada? Homilador ayollarda koronavirusni davolashda nimalarga eʼtibor qaratish zarur? “COVID-19”ga chalingan ona goʻdagini koʻkrak suti bilan oziqlantirishi mumkinmi?

Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktor oʻrinbosari, tibbiyot fanlari doktori Kamola Solihova ushbu mavzu yuzasidan batafsil maʼlumot berdi:

— Bugungi kunda homilador ayollarda koronavirus infeksiyasi qanday klinik koʻrinishlarda kechishi, bu sharoitda homila oʻzini qanday his qilayotgani borasida nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyoda chuqur tahlillar olib borilmoqda, — deydi K.Solihova — Shu maʼnoda biz ham mazkur yoʻnalishdagi ilmiy izlanishlarimizni xorij tajribasi bilan taqqoslab, oʻzimiz uchun tegishli xulosalar chiqarmoqdamiz.

Taʼkidlash lozimki, koronavirus juda yuqumli kasallik hisoblanib, homilador ayollarda oddiy insonlarga qaraganda uni yuqtirishga moyillik yuqori. Buning sababi esa boʻlajak onalarda homiladorlik tufayli immunitet pasayishidir. Biroq agar ular oʻzlarini muntazam ravishda parvarish qilib borsa, gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etsa, kasallikdan himoyalanadilar.

Infeksiya yuqqanda boshqalarda boʻlgani kabi homilador ayollarda ham quruq yoʻtal, mushaklarda ogʻriq, haroratning koʻtarilishi, ishtahaning yoʻqligi, holsizlik, ogʻir holatlarda esa nafas qisishi kuzatilishi mumkin.

— Koronavirusga chalingan onadan kasallik tugʻilajak bolaga oʻtadimi?

— Soʻnggi xulosalarga koʻra, koronavirus yoʻldosh toʻsigʻi orqali oʻta olmaydi va shu tufayli homila ushbu kasallikdan himoyalanadi. Bu jihatdan infeksiya homilador ayollar uchun grippga qaraganda kamroq xavfli hisoblanadi. Yaʼni, tugʻilgan goʻdakka dunyoga kelganidan keyin koronavirus yuqmasa, u bola sogʻlom dunyoga keladi.

Biroq shunday boʻlsada, shifokor sifatida ona boʻlishni rejalashtirayotgan ayollarimizga homiladorlikdan avval “COVID-19”ga qarshi emlanishlarini tavsiya qilaman. Bu bilan ular nafaqat oʻzlari, balki tugʻilajak farzandini ham koronavirus infeksiyasidan asraydi.

— “COVID-19”ga chalingan ona goʻdagini koʻkrak suti bilan oziqlantirishi mumkinmi?

— Maʼlumki, ona suti goʻdak uchun eng tabiiy va maqbul ozuqa hisoblanadi. Boisi, uning tarkibida chaqaloqning sogʻlom oʻsishi uchun zarur boʻlgan barcha mikro va makro elementlardan tashqari uni turli yuqumli kasalliklardan himoyalovchi antitanachalar mavjud. Yaʼni, bu ozuqa bolada immunitet tizimining shakllanishida qatnashadi. Ona sutidagi immunoglobulinlar yangi tugʻilgan chaqaloqni turli infeksiyalardan himoya qiladi, onadan bolaga immunitet oʻtishini taʼminlaydi.

Shu bois, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti koronavirusga chalingan onaning holatiga qarab, goʻdakni emizishga ruxsat berishni tavsiya etadi. Lekin, shuni yoddan chiqarmaslik lozimki, virus onadan bolaga asosan havo-tomchi hamda toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot yoʻli orqali yuqishi bois, onalar chaqaloqlarni parvarishlash va emizish jarayonida tibbiy niqobdan foydalanishlari, uni ishlatishdan oldin va keyin qoʻllarni yaxshilab yuvishlari hamda xonadagi barcha buyumlarni xlorli eritma bilan muntazam ravishda dezinfeksiya qilishlari lozim.

Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.