Yigʻilishda masʼul rahbarlar hisobotlari eshitilib, koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlarini oldini olishga qaratilgan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Birinchi navbatda kasallik profilaktikasiga qaratilgan tushuntirish ishlarini olib borish, shuningdek, aholi tomonidan jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash kabi sanitariya-epidemiologiya talablari nazoratini olib borish yuzasidan tegishli idoralarga topshiriqlar berildi.

Shu bilan birga, koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash tadbirlarida aholi faolligini oshirish maqsadida, 50 yosh va undan katta yoshdagi fuqarolarni hamda oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarini xavf osti guruhiga mansub aholi qatlami qatorida bosqichma-bosqich Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan emlash tadbirlarini jadallashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, soʻnggi kunlarda infeksiya bilan kasallanish holatlari biroz ortganligini inobatga olib, hududlarda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga yoʻnaltirilgan tibbiyot muassalarining tayyorgarlik holatini tahlil qilish va zarur dori vositalari zaxirasini shakllantirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi soʻnggi kunlarda ayrim qoʻshni mamlakatlarda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ortib borayotganligi, shu jumladan mamlakatimizda ham ushbu infeksiya bilan kasallanish biroz ortganligini inobatga olib halqimizdan shaxsiy masʼuliyatni oshirgan holda jamoat joylarida niqobda boʻlish va ijtimoiy masofani saqlash kabi talablarga rioya etishlarini soʻrab qoladi.