Reyestr Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda shakllantiriladi. Unga kiritilgan shaxslar

  • davlat xizmatiga qabul qilinmaydi,
  • davlat mukofotlari bilan taqdirlanmaydi,
  • saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzod etib ko‘rsatilmaydi.

Shuningdek, bunday shaxslar davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari va idoralararo kollegial organlar tarkibiga kiritilmaydi.

Ularga davlat xaridlari hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalarida ishtirok etish, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar va davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida ishlash ham cheklanadi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga «korruptsiyaga oid jinoyatlar» tushunchasi kiritilib, unga 18 turdagi jinoyat kiritilmoqda. Ayrim korruptsiyaviy jinoyatlar uchun jazo choralari ham kuchaytirilmoqda.

Hujjatda davlat organlari va tashkilotlari uchun korruptsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash majburiyati ham belgilangan. Shuningdek, korruptsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi shakllantiriladi hamda korruptsiya haqida xabar bergan xodimlarni qo‘shimcha himoya qilish mexanizmlari joriy etiladi.