Davlatning ichki islohotlari, iqtisodiy taraqqiyot va zamonaviy boshqaruv tizimi nafaqat mamlakatda barqarorlikni taʼminlab, balki uni jahon hamjamiyatida ishonchli hamkor va samarali sherik sifatida namoyon qilmoqda.

Shu bilan birga, barqaror taraqqiyot va fuqarolarning huquq hamda manfaatlarini himoya qilish yoʻlidagi islohotlar eng katta toʻsiq – korrupsiyaga qarshi samarali kurashning ahamiyatini yanada ochiq koʻrsatmoqda. Korrupsiya iqtisodiy oʻsishni sekinlashtirib, investitsiya muhitini susaytiradi, davlat organlari faoliyati samaradorligini pasaytiradi va jamiyatda adolat hamda tenglikni zaiflashtiradi. Shu bois, korrupsiyaga qarshi izchil va tizimli kurash nafaqat qonunlar va tartibni saqlash, balki barqaror taraqqiyot, xalq farovonligi va davlat obroʻsini mustahkamlashda strategik ahamiyatga ega.

Korrupsiyaga qarshi kurash nafaqat ichki siyosat va iqtisodiy rivojlanish uchun muhim, balki xalqaro maydonda Oʻzbekistonning obroʻ-eʼtiborini, xalqaro reytinglardagi oʻrnini mustahkamlash va mamlakatni barqaror rivojlanayotgan davlat sifatida koʻrsatishda ham asosiy omil hisoblanadi.

Aynan shu bois, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida korrupsiyani “davlat taraqqiyotiga toʻsiq boʻladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid” deb baholab, unga yoʻl qoʻyish islohotlarga xiyonat ekanini taʼkidladilar. Shu munosabat bilan, 2026-yilda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha “favqulodda holat” eʼlon qilindi. Bu esa har bir davlat idorasi, rahbar va fuqaro uchun strategik vazifa ekanligini yana bir bor ko‘rsatadi.

Korrupsiya – shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeyidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishi sifatida talqin qilinadi. Darhaqiqat, korrupsiya qonunchilik tartibining buzilishiga, jamiyat axloqiy meʼyorlarining yemirilishiga olib keladi.

Korrupsiya – bu faqat pora olish yoki berish emas. U qonunga nisbatan hurmatsizlik, adolatga ishonchsizlik va jamiyatni ich-ichidan yemiradigan illatdir.

Ushbu illat adolat, halollik va qonun ustuvorligi tamoyillarini zaiflashtirib, davlat institutlariga boʻlgan ishonchni pasaytiradi. Natijada iqtisodiy rivojlanish sekinlashadi, tadbirkorlik muhiti cheklanadi, ijtimoiy tengsizlik kuchayadi. Eng xavfli tomoni shundaki, korrupsiya jamiyatda huquqiy nigilizm, befarqlik va maʼnaviy inqirozning shakllanishiga zamin yaratadi. Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, korrupsiya – kambagʻallikni bartaraf qilish va umumiy farovonlikni taʼminlash yoʻlidagi asosiy toʻsiqdir. U sogʻliqni saqlash, taʼlim va adolat tizimlariga kirishni qiyinlashtiradi, investitsiyalarni cheklaydi va natijada resurslar noteng taqsimlanishi bilan ijtimoiy tengsizlikni kuchaytiradi.

Ochiqlik, shaffoflik va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali Oʻzbekiston xalqaro maydonda obroʻsini oshirib, adolatli va barqaror jamiyat qurish yoʻlida mustahkam asos yaratmoqda. Transparency International xalqaro tashkilotining 2025-yil 11-fevralda eʼlon qilgan 2024-yilgi Korrupsiyani qabul qilish indeksi (CPI) natijalariga koʻra, Oʻzbekiston 100 balldan 32 ball toʻplab, 180 davlat orasida 121-oʻrinni egalladi. Hisobotda taʼkidlanishicha, soʻnggi oʻn yillikda mamlakat sezilarli oʻsishga erishgan boʻlsa-da, hali ham jahon miqyosidagi oʻrtacha koʻrsatkich (43 ball)dan pastda qolmoqda.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar korrupsiyaga qarshi kurashni davlat siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishiga aylantirdi. Bu, avvalo, korrupsiyaning davlat boshqaruvi samaradorligi, iqtisodiy rivojlanish va jamiyat barqarorligiga koʻrsatayotgan salbiy taʼsiri bilan izohlanadi. Shu nuqtayi nazardan, davlatimiz rahbari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashda tizimli va institutsional yondashuv joriy etish zarurligi alohida taʼkidlanmoqda.

Birinchidan, davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash korrupsiya xavfini kamaytirishning asosiy shartlaridan biri sifatida qaralmoqda. “Ochiq byudjet” va “Ochiq maʼlumotlar” platformalari orqali davlat mablagʻlarining shakllanishi va sarflanishi ustidan jamoatchilik nazorati kuchaytirildi. Bu esa mansabdor shaxslarning shaxsiy manfaat yoʻlida qaror qabul qilish imkoniyatlarini cheklab, davlat mablagʻlaridan samarali va maqsadli foydalanishni taʼminlaydi.

Ikkinchidan, inson omilini qisqartirish va raqamli texnologiyalarni joriy etish korrupsiyaga qarshi kurashda eng samarali mexanizmlardan biri sifatida xizmat qilmoqda. Elektron davlat xizmatlari tizimi fuqaro va mansabdor oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqani minimallashtirib, suiisteʼmolchilik va korrupsion holatlarning oldini oladi. Litsenziyalar, ruxsatnomalar, soliq va bojxona xizmatlari elektron tarzda amalga oshirilishi natijasida xizmat koʻrsatish jarayoni tezlashdi va shaffoflashdi.

Uchinchidan, davlat xaridlari tizimida shaffoflikni kuchaytirish korrupsiyaga qarshi samarali institutsional mexanizm sifatida namoyon boʻlmoqda. Elektron tenderlar va raqobatli xaridlar davlat mablagʻlarining maqsadli sarflanishini taʼminlab, “yashirin kelishuvlar” va manfaatlar toʻqnashuvi holatlarini sezilarli darajada cheklaydi.

Toʻrtinchidan, ushbu chora-tadbirlar jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va fuqarolarning davlatga boʻlgan ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Davlat organlari faoliyati haqida ochiq maʼlumotlar taqdim etilishi, fuqarolar murojaatlariga tezkor va shaffof munosabat, elektron platformalar orqali fikr bildirish imkoniyatlari jamiyatda ochiq muloqot muhitini shakllantirdi. Natijada fuqarolar davlat organlariga nisbatan ishonchini mustahkamlab, oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilishda faolroq ishtirok etmoqda.

Demak, korrupsiyaga qarshi kurash kurashda asosiy eʼtibor – uning kelib chiqishiga sabab boʻlayotgan omillarni bartaraf etishga qaratilmoqda.

Xususan:

· davlat xizmatlarini toʻliq raqamlashtirish,

· inson omilini kamaytirish,

· davlat xaridlarida ochiqlikni taʼminlash,

· mansabdor shaxslar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kabi chora-tadbirlar aynan shu maqsadga xizmat qiladi.

Bu jarayonda ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari jamoatchilik nazoratini amalga oshirib, “koʻzgu” vazifasini bajaradi. Jamoatchilik va jurnalistlar davlat idoralari faoliyatini kuzatib, ochiqlikni taʼminlasa, korrupsiyaga qarshi kurash ham samarali kechadi.

Korrupsiya – davlat taraqqiyoti yoʻlidagi eng jiddiy toʻsiqlardan biridir. Korrupsiyaga qarshi kurash – bir kunlik yoki bir yillik ish emas, balki uzluksiz islohotlar va ongli jamiyatni talab qiladigan jarayondir.

Halollik, ochiqlik va adolat ustuvor boʻlgan jamiyatgina barqaror taraqqiyotga erisha oladi. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida esa korrupsiyaga murosasiz munosabat har birimiz uchun hayotiy tamoyilga aylanishi shart.

 

               Oblomuradova Xabiba,

TDYU dotsenti, falsafa fanlari boʻyicha

falsafa doktori (PhD)