Tadbirni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori oʻrinbosari U.Tuxtasheva ochib berib, uchrashuvdan kutilayotgan aniq maqsadlar va vazifalarga toʻxtalib oʻtdi. Oʻz oʻrnida OLAF Muvofiqlashtirish va kommunikatsiyalar tarmogʻi rahbari O.Salles ikki tomonlama aloqalar oʻrnatish va muloqotni yoʻlga qoʻyish taklifi uchun Agentlikka minnatdorchilik bildirdi, soʻng OLAF xodimlari tomonidan tashkilot faoliyati yuzasidan batafsil axborot berildi.

Shu bilan bir qatorda, uchrashuvda tomonlar korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar va firibgarlik holatlarini aniqlashda samarali mexanizmlarni joriy etish yuzasidan fikr va tajriba almashish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Tadbir davomida, OLAF vakillari Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi toʻgʻrisida, shuningdek, Oʻzbekistonda mazkur sohada olib borilayotgan islohotlar va sohani tartibga soluvchi qonun hujjatlari yuzasidan maʼlumotga ega boʻldilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar OLAF faoliyatiga doir idoraviy hujjatlar, shu jumladan maʼmuriy surishtiruv instituti yuzasidan uslubiy qoʻllanmalar Agentlikka taqdim etilishi hamda korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish mavzularida onlayn oʻquv kurslarini tashkillashtirish yuzasidan muhokamalar olib borishga kelishib oldilar.