Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi koʻmagida “Markaziy Osiyoda BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining amalga oshirilishini jadallashtirish boʻyicha Mintaqaviy konferensiya” tashkil etildi. Unda Markaziy Osiyo davlatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha masʼul davlat idoralari rahbar va xodimlari, xalqaro va nodavlat tashkilotlarning yetakchi ekspertlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyadan koʻzlangan asosiy maqsad — Markaziy Osiyoda BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining amalga oshirilishini jadallashtirish, bu borada Mintaqaviy platformani ishga tushirish masalalarini muhokama qilish, taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, kelgusidagi maqsad va vazifalarni belgilab olishdan iborat.
Taʼkidlanganidek, mintaqadagi barcha davlatlar korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim ahamiyatidan kelib chiqib BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablari bajarilishi boʻyicha obzorlarda, Istanbul harakat rejasida (IAP) ishtirok etib kelmoqda. Korrupsiyaga qarshi konvensiya talablarini amalga oshirish mintaqadagi barcha davlatlar ishtirok etadigan yagona xalqaro korrupsiyaga qarshi mexanizm ekanligini hisobga olgan holda, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan Markaziy Osiyoda Korrupsiyaga qarshi konvensiyani jadal amalga oshirish boʻyicha mintaqaviy platformani ishga tushirish koʻzda tutilmoqda.
Mintaqaviy platformaning maqsadi Platforma ishida ishtirok etuvchi mamlakatlar tomonidan BMTning Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi qoidalarini yanada samarali amalga oshirishga koʻmaklashish, bu borada mintaqa mamlakatlarining oʻzaro hamkorligini mustahkamlash va rivojlantirishdan iborat. Platforma faoliyati korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha samarali profilaktik chora-tadbirlar, xususiy sektorda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, aktivlarni qaytarish va xalqaro hamkorlik kabi yoʻnalishlarni qamrab oladi.
Platformaning oʻziga xos vazifalari oʻzaro axborot va taʼlim almashish, bilimlarni boshqarish va mintaqada korrupsiyaga qarshi kurash siyosatining ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha kelishuvlar uchun forum tashkil etish, hamkorlikni muvofiqlashtirishni takomillashtirishga qaratiladi.
Tadbirda dastlab BMT korrupsiyaga qarshi konvensiyasini Markaziy Osiyo davlatlarida amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha Mintaqaviy platforma Nizomi loyihasi hamda Platformaning tematik yoʻnalishlari taqdimot qilindi. Shuningdek, Platforma boʻyicha ikki yillik harakatlar rejasi loyihasi ham koʻrib chiqilib, ishtirokchi-davlatlar vakillari tomonidan taqdim etilgan takliflar muhokama qilindi.
Konferensiyada ishtirokchi mamlakatlarning vakillari tomonidan Platformaning maqsadlari, ish hajmi va aniq Harakatlar rejasi, ishtirokchi mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik formati va yoʻnalishlari toʻgʻrisida fikr-mulohaza va takliflar bildirildi.
Yigʻilishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Korrupsiyaga qarshi konvensiyasini jadal amalga oshirish uchun Toshkent shahrida Markaziy Osiyo Mintaqaviy platformasini ishga tushirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
axborot xizmati