Bugun, 22-iyun kuni Oliy Majlis Senatining qirq ikkinchi yalpi majlisi oʻz ishini boshladi.
Majlisida “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanishicha, mazkur Qonun sohadagi muammolarni bartaraf etish va uni tartibga soluvchi yagona qonun sifatida ishlab chiqilgan. Qonun bilan normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasining asosiy prinsiplari belgilanmoqda.
Endilikda korrupsiyaga qarshi ekspertizani oʻtkazish nafaqat Adliya vazirligi tomonidan, balki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, yuridik xizmat xodimlari hamda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini taʼminlash oʻz zimmasiga yuklatilgan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.
Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalariga normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik ekspertizasini oʻtkazish huquqi berilmoqda.
Eʼtiborli jihati jamoatchilik tomonidan taqdim etilgan taklif va tavsiyalar tegishli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan majburiy ravishda koʻrib chiqiladi.
Korrupsiyaga qarshi ekspertizani oʻtkazishga oid faoliyatni uslubiy jihatdan taʼminlash hamda monitoring qilish Adliya vazirligiga yuklatilmoqda.
Senatorlar ushbu Qonun mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga, korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga, shuningdek, amaldagi hamda qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar sifatining oshishiga xizmat qilishini taʼkidladilar.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.