Memorandumda korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida tomonlarning yaqin istiqboldagi hamkorlik yo'nalishlari, amalga oshirilishi lozim bo'lgan vazifa va majburiyatlari belgilab olindi, deb xabar beradi Agentlik matbuot xizmati.

endilikda tomonlar davlat dasturlarida korruptsiyaga qarshi kurashishga oid davlat siyosatining eng ustuvor yo'nalishlarini belgilash, neft va gaz sohasidagi korruptsiyaviy holatlarni bartaraf etish bo'yicha tegishli takliflarni hamkorlikda ishlab chiqadi.  

Agentlik “O'zbekneftgaz” aktsiyadorlik jamiyatiga korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplaens-nazorat”) hamda korruptsiyaga qarshi kurashishning boshqa xalqaro standartlarini joriy etish va samarali faoliyat ko'rsatishini tashkillashtirishda ko'maklashadi.  O'z navbatida, Aktsiyadorlik jamiyati o'z tizimida korruptsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish va bunday chora-tadbirlarni muvofiqlashtirishda Agentlik bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

Memorandum doirasida hamkorlikni samarali amalga oshirish maqsadida tomonlar o'z vakillaridan iborat ishchi guruhlarini tuzishi, shuningdek, davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari mutaxassislarini jalb qilishi belgilandi.

Tomonlar memorandumda ko'zda tutilgan vazifalarni hamkorlikda hayotga tatbiq etish uchun tegishli amaliy harakatlarni amalga oshirishga kelishib oldi.