Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligiga joriy yilning 1 yarim yilligida jami 1 169 ta murojaat kelib tushgan bo'lib, shundan 1 134 tasi ko'rib chiqilishi ta'minlangan. Murojaatlarni ko'rib chiqish natijalari bo'yicha tegishli vazirlik va idoralarga, viloyat (tuman, shahar) hokimliklariga 25 ta so'rovnoma yuborilgan, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan 15 ta taqdimnoma kiritilgan.
Murojaatlarni o'rganish natijasiga ko'ra qonun hujjatlariga zid ravishda chiqarilgan 9 ta hujjat bekor qilingan, Agentlik tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga asosan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan 7 ta jinoyat ishi, 4 ta ma'muriy javobgarlik va 2 ta intizomiy javobgarlik to'g'risidagi ishlar qo'zg'atilgan va mavjud xato-kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko'rilgan. Murojaatlarni o'rganishda aniqlangan moliyaviy xato va kamchiliklar miqdori 30,4 mlrd. so'mni tashkil qilgan.Agentlikka kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyatida sud-huquq sohasidagi muammolar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari va turli sohalarda korruptsiyaviy holatlarning yuz berayotganligi to'g'risida yozilgan murojaatlardan iboratdir.
2022-2023- yillarda davlat xaridlari sohasida “Korruptsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish yuzasidan 28 ta vazirlik va idoralar takliflari inobatga olingan holda “Yo'l xaritasi” ishlab chiqildi va Korruptsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tomonidan tasdiqlandi. Davlat xaridlariga oid qonun talablariga rioya qilinishi yuzasidan jami 10 ta vazirlik, idora va tashkilotlarda o'tkazilgan o'rganishlarda 1 143 ta holatda 48,5 mlrd so'mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi.
Shuningdek, o'tkazilgan masofaviy monitoringlar yakuniga ko'ra, 294,4 mlrd. so'mlik e'lon qilingan xaridlar bo'yicha korruptsiyaviy huquqbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf qilishga qaratilgan 46 ta taqdimnoma hamda jinoyat ishi qo'zg'atish masalasini hal qilish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 40 ga yaqin so'rovnoma kiritilgan bo'lib, natijasi bo'yicha 4 ta jinoyat ishlari va 8 ta ma'muriy ishlar qo'zg'atilishi ta'minlandi, 8 ta holatda mas'ul xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo'llanildi.
Hozirgi kunda 117 ta davlat tashkilotlari, shu jumladan banklarda 907 nafar shtat birligidan iborat korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo'lga qo'yildi. Agentlik tomonidan joriy yilning o'tgan davrida 78 ta vazirlik va idoralarda ichki nazorat tizimi faoliyatining yo'lga qo'yilganlik holati joyiga chiqqan holda o'rganildi. O'rganish natijasiga ko'ra, vazirlik va idoralarga ushbu yo'nalishdagi faoliyatni samarali tashkil etilishi yuzasidan 18 ta taqdimnoma kiritildi.Ichki nazorat tuzilmalari tomonidan joriy yilning 1 yarmida 151,7 mlrd so'mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlanib, to'plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Xorijiy ekspertlar ishtirokida davlat tashkilotlarining 400 dan ortiq ichki nazorat tuzilmalari xodimlarining malakasini oshirish ta'minlanib, korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini joriy etish bo'yicha 3 ta uslubiy qo'llanma chop etildi.Bugungi kunda 19 ta davlat tashkiloti, 1 ta tijorat bank “Korruptsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” bo'yicha ISO 37001:2016 xalqaro standart sertifikatiga ega bo'ldi. Korruptsiyaga qarshi ichki nazorat (komplaens) tuzilmalari faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan vazirlik va idoralarda 60 dan ortiq o'quv seminarlar, treninglar va davra suhbatlar tashkil etildi. Mazkur o'quv seminarlarda 5 mingga yaqin davlat xizmatchilarining korruptsiyaning oldini olish va uni bartaraf etishga doir bilim va ko'nikmasi oshirildi.