Korrupsiya iqtisodiyot rivoji, chinakam qulay tadbirkorlik va investitsiya muhiti uchun eng asosiy toʻsiqlardan biridir.
Tahlillarga koʻra, bu illat jahon iqtisodiyotiga har yili oʻrtacha 2,6 trillion dollar zarar keltiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida haqli ravishda taʼkidlab oʻtganlaridek: “Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga oʻtishimiz kerak”.
Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi global koalitsiya “Transparency International” tashkilotining Oʻzbekiston boʻyicha bergan koʻrsatkichlarida 2019-yil korrupsiya indeksi boʻyicha Oʻzbekiston 25 ballik koʻrsatkich bilan dunyo reytingida 153-darajani egallagan.
Davlatimiz tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida potensiyal ahamiyatga ega boʻlgan qonun hujjatlari bazasi yaratilgan. Xususan, bugungi kunga qadar mazkur illatga qarshi kurashish uchun 10 dan ortiq yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
Ushbu mazmundagi dastlabki qonun hujjatlari misolida, bozor iqtisodiyotiga oʻtish sharoitlarida uyushgan jinoyatchilikka va korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borish, reket va poraxoʻrlik hollariga barham berish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 11-maydagi “Xususiy mulk va tadbirkorlikni korrupsiya, reket va uyushgan jinoyatchilikning boshqa turlaridan himoya qilishning tashkiliy chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 247-son qarori qabul qilingan.
Mazkur normativ-huquqiy hujjatlarning mantiqiy davomi sifatida muhim ahamiyatga ega boʻlgan 2017-yil 3-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi.
Qonun bilan “korrupsiya”, “korrupsiyaga oid huquqbuzarlik”, “manfaatlar toʻqnashuvi” tushunchalarining huquqiy tavsifi va sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning vazifa hamda vakolatlari belgilab berildi.
Qonunga koʻra, korrupsiya — shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish hisoblanadi.
Shuningdek, mamlakatimiz 2008-yili Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga (Nyu-York, 2003-yil 31-oktyabr), 2010-yili Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha Istanbul harakat rejasiga qoʻshilgan.
Sohaga oid xalqaro tashkilotlar faoliyatida ham mamlakatimiz faol boʻlib, 2005-yilda Terrorizmni moliyalashtirish va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish boʻyicha Yevrosiyo guruhiga (YEAG) Oʻzbekiston Respublikasi aʼzo-davlat sifatida qoʻshilgan.
Shu bilan birga, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida tashkiliy-huquqiy mexanizmlarning samarali faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil
27-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5729-son Farmoni qabul qilinib, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasining yangilangan tarkibi va Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish boʻyicha maxsus komissiyasi tasdiqlandi.
Farmonga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari, tuman va shahar xalq deputatlari kengashlarining tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyalarini tashkil etish tavsiya qilindi.
Shuningdek, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatining samaradorligini oshirish maqsadida 2020-yilning 29-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni va “Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qayd etilgan normativ-huquqiy hujjatlarga asosan, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyatini taʼminlash, shuningdek, mazkur sohadagi xalqaro hamkorlik uchun masʼul boʻlgan maxsus vakolatli davlat organi hisoblangan va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunuvchi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.
Mazkur qonun hujjatlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining sohadagi asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari belgilab berildi.
Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash lozimki, jamiyat rivojiga asosiy toʻsiq boʻluvchi korrupsiyaga barham berish va bu borada nafaqat davlat, balki fuqarolarimiz tomonidan ham birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining yaratilishi, oʻz navbatida mamlakat taraqqiyoti yoʻlidagi muhim qadamdir.
Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash lozimki, jamiyat rivojiga asosiy toʻsiq boʻluvchi korrupsiyaga barham berish va bu borada nafaqat davlat, balki fuqarolarimiz tomonidan ham birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining yaratilishi, oʻz navbatida mamlakat taraqqiyoti yoʻlidagi muhim qadamdir.
Sunnat Mahmudov,
TDYUU Jinoyat-protsessual huquqi kafedrasi
oʻqituvchisi









