Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida reyting baholash tizimi joriy etiladi

    Mamlakatimizda 13 Yanvar 2022 2170

    “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–81-son, 12.01.2022-y.) qabul qilindi.

    Qarorga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi joriy etiladi.

    Bunda reyting baholash quyidagi 5 ta yoʻnalish boʻyicha belgilangan indikatorlar asosida amalga oshiriladi:

    davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha mexanizm va huquqiy asoslarning yaratilganligi va amaliyotga tatbiq etilganligi;

    korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va ularni kamaytirish boʻyicha tadbirlarning amalga oshirilganligi;

    davlat tashkilotlari rahbarlarining korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni koʻrsatuvchi xatti-harakatlarining mavjudligi;

    xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ichki tartib-taomillardan xabardorligi hamda ushbu sohada bilim va koʻnikmalarini oshirish boʻyicha tadbirlarning amalga oshirilganligi;

    korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tegishli soha yoki tarmoq kesimida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan targʻibot tadbirlarining samaradorligi.

    Reyting baholash tizimi 2022-yil 1-fevraldan boshlab, eksperiment tariqasida, oʻz faoliyatida korrupsiyaga qarshi menejment tizimini joriy etayotgan 26 ta davlat tashkilotlari faoliyatiga, 2022-yil 1-iyuldan barcha davlat tashkilotlari faoliyatiga joriy etiladi.

    Reyting baholash “E-Anticor.uz” elektron platformasi orqali tashkil etiladi.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, faoliyat samaradorligi “yaxshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz” toifalarga ajratiladi.

    Bunda, faoliyati:

    “yaxshi” deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasini ommalashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilanadi va amalga oshiriladi;

    “qoniqarli” deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash boʻyicha tavsiyalar kiritiladi;

    “qoniqarsiz” deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi, uning ijrosi yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlarini har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashning yigʻilishlarida eshitiladi.

    Ketma-ket ikki yil davomida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi “qoniqarsiz” deb topilgan davlat tashkilotlari rahbarlariga intizomiy javobgarlik choralarini qoʻllash masalasi koʻrib chiqiladi.