Tashrif doirasida Agentlik direktori Akmal Burxonov va Sloveniya parlamentining adliya qo'mitasi raisi Blaj Pavlin o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi. Adliya qo'mitasi raisi tomonidan sud-huquq sohasini rivojlantirish, fuqarolar huquq va erkinliklarining ta'minlanishi yuzasidan mas'ul organlarning hisobotlarini doimiy eshitish amaliyoti, shu jumladan, Korruptsiyaning oldini olish komissiyasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan yillik Milliy ma'ruza taqdim etilishi tajribasi yo'lga qo'yilgani kabi qator masalalar bo'yicha ma'lumot berildi.

O'z navbatida, Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov O'zbekistonda so'nggi yillarda  amalga oshirilayotgan islohotlar, ayniqsa sud-huquq sohasidagi o'zgarishlar xususida so'zlab berdi. SHuningdek, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati faoliyati, so'nggi yillarda davlat va jamiyat qurilishi tizimida mazkur institutlarning rolini yanada oshirish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma'lumot berildi.

 Uchrashuv yakunida O'zbekiston va Sloveniya parlamentlari o'rtasida aloqalarni yanada kengaytirish, korruptsiyaga qarshi kurashishga oid qonunchilikni takomillashtirish, parlament va jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlarini tatbiq etish maqsadida tajriba almashish, ekspertlik ko'magini ko'rsatish yuzasidan hamkorlik qilishga kelishib olindi., deb xabar beradi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati.