Davlat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bugungi kunda faqatgina targʻibot ishlari, davra suhbatlari va boshqa turdagi xabardorlikni oshiruvchi vositalar sifatida emas, balki izchil tizimli nazorat olib boruvchi mexanizmga aylanib bormoqda. Bu tizimning oʻziga xos samarasi Adliya vazirligi faoliyatida yaqqod koʻzga tashlanmoqda.
Adliya vazirligida korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi boʻyicha 2019-yilda ish boshlanib, 3 fazada amalga oshirildi. 2020-yilning fevral-aprel oylarida toʻliq joriy qilindi va uning asosiy elementlari sifatida quyidagilar belgilandi:
– adliya organlari va muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining asosini tashkil etuvchi ichki hujjatlar;
– Yuqoridan quyiga munosabat;
– korrupsiyaviy xavf-xatarni aniqlash va baholash;
– korrupsiyaga qarshi kurashish uchun masʼul shaxslar va boʻlinma;
– aniqlangan korrupsiyaviy xavf-xatarni minimallashtiruvchi korrupsiyaga qarshi kurashish choralari;
– axborotlashtirish, kommunikatsiya va maslahat berish;
– monitoring, nazorat va hisobdorlik;
– huquqbuzarliklarga nisbatan munosabat bildirish va aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish.
Mazkur elementlar bir-biri bilan oʻzaro bogʻliqlikni yoʻqotmagan holda Adliya vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimining doimiy ish faoliyatini taʼminlamoqda.
Shuningdek, adliya organlari va muassasalari korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini quyidagi tamoyillarga asoslanib amalga oshirishi belgilanib olindi:
qonuniylik, yaʼni adliya organlari va muassasalari korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari, davlat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha jahonda tan olingan amaliyotni hisobga olgan holda hamda Vazirlik tizimining belgilangan ichki hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Korrupsiyaga toqatsizlik, yaʼni adliya organlari va muassasalari oʻz faoliyatining barcha sohalarida korrupsiyaning har qanday shakllari va koʻrinishlariga murosasiz munosabatda boʻladi. Adliya organlari va muassasalarining xodimlariga korrupsiyaviy xavf-xatar kelib chiqishi mumkin boʻlgan faoliyatda bevosita yoki bilvosita ishtirok etish taqiqlanadi.
Ochiqlik va shaffoflik, yaʼni vazirlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida adliya organlari xodimlari va kontragentlarini, keng jamoatchilikni xabardor qilish.
Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning preventivligi, tizimliligi va oʻzaro bogʻliqligi, yaʼni adliya organlari va muassasalari korrupsiyaviy hatti-harakatlar sodir etilishiga va korrupsiyaviy xavf-xatarlarga koʻmaklashuvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan preventiv chora-tadbirlarni amalga oshirishga ustuvor ahamiyat beradi. Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va tartib-taomillar aniqlangan xavf-xatarlar darajasiga muvofiq keladi hamda adliya organlarining barcha funksiyalari va yoʻnalishlariga integratsiya qilingan korrupsiyaga qarshi kurashish tizimiga birlashtirilgan.
Korrupsiya bilan bogʻliq huquqbuzarliklar uchun javobgarlikning muqarrarligi, yaʼni korrupsiya bilan bogʻliq huquqbuzarliklarni sodir etgan vazirlik tizimi xodimlari oʻzining maqomi va egallab turgan lavozimidan qatʼiy nazar vazirlikning ichki hujjatlari va amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Texnika taraqqiyotining yutuqlaridan foydalanish, yaʼni adliya organlari va muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yaratishda ilm-fan taraqqiyotining soʻnggi yutuqlaridan, shu jumladan, integratsiyalashtirilgan axborot tizimlaridan foydalanishga intiladi.
Toʻgʻridan-toʻgʻri rahbariyatga murojaat qilish, yaʼni vazirlik tizimining har bir xodimi korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilganligini toʻgʻrisida ishonchli va asosli maʼlumotlar mavjud boʻlganda belgilangan choralarni koʻrish uchun toʻsqinliksiz idora rahbari va adliya vaziriga murojaat qilishi mumkin.
Fuqarolik jamiyati vakillari bilan oʻzaro hamkorlik, yaʼni adliya organlari oʻzlariga yuklatilgan funksiyalarni bajarishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini halollik, xolislik va mustaqillik asosida mustaqil nazorat qilish maqsadida fuqarolik jamiyati vakillarini jalb etadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini doimiy ravishda takomillashtirish, yaʼni korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini monitoring va nazorat qilish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni amalga oshirish natijalariga koʻra adliya organlari va muassasalari Vazirlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining samaradorligini toʻxtovsiz ravishda oshirish choralarini koʻradi.Shu bilan birgalikda, barcha aloqa kanallarining ishlashi va olingan xabarlarni qayta ishlash/koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumot Adliya vazirligining korrupsiyaviy tusdagi maʼlumot haqida xabar berish uchun aloqa kanallari toʻgʻrisidagi nizomda va adliya organlarining boshqa shunga oʻxshash ichki hujjatlarida aks etgan.Buning natijasida, Adliya vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish yangi bosqichga chiqibgina qolmay, barcha davlat organlari uchun odatiy boʻlgan korrupsiyaga qarshi kurashish shaklidan, yaʼni oqibatlarga qarshi kurashishdan ularga sabab boʻluvchi shart-sharoitlarni oldindan aniqlash
va ularni tezkorlik bilan bartaraf qilish amaliyotini shakllantirdi.
Sevara Oʻrinboyeva,
Adliya vazirligi masʼul xodimi