Oʻtgan vaqt davomida agentlikning tarkibiy tuzilmasi shakllandi, vazifalarini bajarishga kirishdi. Korrupsiyaga qarshi kurashishning eng samarali yoʻli, bu – ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash. Bu borada, agentlikning oʻzi tashabbus bilan chiqib, har oylik faoliyatini jamoatchilikka eʼlon qilib borish tizimini yoʻlga qoʻyish amaliyotini joriy etdi. Bu oktyabr oyi sarhisobidan boshlandi.

Korrupsiyani bartaraf etuvchi qonun loyihalari ishlab chiqilmoqda

Amaliyotda aksariyat korrupsion holatlar qonunchilikdagi mavjud boʻshliqlar yoki normalarning notoʻgʻri talqin qilinishi oqibatidan vujudga keladi. Shu bois, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi oktyabr oyida xalqaro va mahalliy ekspertlar koʻmagida “Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlar toʻqnashuvini deklaratsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Unda davlat xizmatchilari va mansabdor shaxslarning mol-mulki, daromadlarini deklaratsiyalash koʻzda tutilgan. Hozirda hujjat loyihasi tegishli vazirlik va idoralardan takliflarni qabul qilish jarayonida.

“Oʻzbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham tayyorlandi. Agentlik faoliyati, vakolatlarini belgilab beruvchi hujjat loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz) orqali jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilib, yana-da takomillashtirildi. Hozirda idoralararo kelishuv jarayonida.

“Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi xalqaro ekspertlar bilan ishlab chiqildi. Hujjatda 2021-yildan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazishni joriy etish belgilangan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilgani munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Shu munosabat bilan yangi farmon loyihasi ham tayyorlandi.

Tashkilotlar oldiga yangi vazifalar qoʻyiladi

Tashkilotlar faoliyatini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar va boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etuvchi, korrupsiya xavf-xatarlari, manfaatlar toʻqnashuvini oʻz vaqtida aniqlash va chek qoʻyish, qonun buzilishi, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berishni oʻzida mujassam etgan profilaktik tizim “komplayens-nazorat”, deb ataladi.

Davlatimiz rahbarining “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish boʻyicha bergan topshiriqlari asosida hozirda 26 vazirlik va idoralarda “komplayens-nazorat”ni joriy etish ishlari davom etmoqda. Yangi tizimning oʻz vaqtida va sifatli joriy etilishini Hisob palatasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi nazorat qilib bormoqda. Xususan, amalga oshirilgan ishlar holatini baholovchi reyting tizimi ishlab chiqilib, belgilangan vazifalarni muddatida bajarmagani uchun hisobot shakllarida jarima sifatida pasaytiruvchi koeffitsiyentlar qoʻllanilmoqda.

Agentlik Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bilan birgalikda davlat organlari, korxonalar, hududlarda korrupsiya hamda “xufiyona iqtisodiyot”ni baholashning reyting metodikasini ishlab chiqdi. Endilikda bu tizim yordamida sohalar, yoʻnalishlar, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasida reytingi shakllantiriladi hamda 2021-yildan boshlab har chorakda ommaga eʼlon qilib boriladi.

Murojaatlar eʼtiborsiz qolmaydi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilganidan buyon 1-noyabrga qadar 275 murojaat kelib tushgan, shundan 243 tasining belgilangan tartibda koʻrib chiqilishi taʼminlandi. Ularning aksariyati sud (20,4 foiz), prokuratura (5,1 foiz), mahalliy hokimliklar mansabdor shaxslarining noqonuniy xatti-harakatlari va qarorlaridan norozilik (7,6 foiz), yer maydoni ajratilmayotgani, yer maydonlari talon-taroj boʻlayotgani (6,2 foiz), firibgarlik jinoyatlari (5,5 foiz), sogʻliqni saqlash sohasidagi qonunbuzilish holatlari va tibbiyot xodimlari faoliyatiga (5,1 foiz) doir.

Murojaatlar agentlik masʼullari tomonidan chuqur oʻrganilmoqda. Xususan, Fargʻona viloyati Dangʻara tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning murojaati oʻrganilganda tuman hokimligi mutasaddilari sud qarori ijrosiga bepisandlik bilan qarashi natijasida fermer xoʻjaligiga tegishli boʻlgan yer maydonlari oʻz vaqtida qaytarib berilmagani aniqlandi. Fermer shikoyati qanoatlantirildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent va Namangan viloyatlarida qurilayotgan 528 xonadonga quyosh fotoelektr tizimlarini oʻrnatish belgilangan. Agentlikka bu koʻp qavatli uylarga tizimlarni oʻrnatish boʻyicha tanlovlarni (tender) tashkil etishda qonunchilikda belgilangan qoidalarga rioya etilmagani yuzasidan murojaat kelib tushgan va shu asosda oʻrganishlar olib borildi. Aniqlanishicha, koʻp qavatli arzon uy-joylarga fotoelektr tizimini oʻrnatish ishlarini bajarish boʻyicha pudratchi tashkilotlarni tanlab olish jarayonlari Prezidentimizning 2019-yil 28-noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni talablariga amal qilinmasdan tashkil etilgan. Agentlik tomonidan masʼul idoralarga taqdimnoma kiritildi. Natijada, “Qishloq qurilish invest” IK MCHJ Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo va Namangan viloyatlari hududiy filiallari tomonidan pudratchi tashkilotlar bilan tanlov (tender) savdolari oʻtkazmasdan tuzilgan arzon uy-joylar qurilishi shartnomalariga qoʻshimcha kelishuvlar bekor qilinib, tanlov qayta tashkil etildi. Bu kabi misollarni koʻplab keltirish mumkin.

Xalqaro hamkorlik ham yoʻlga qoʻyilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi BMTning Taraqqiyot dasturi, Yevropa kengashi, Yevropa ittifoqi, Jahon banki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, YEXHT, “Hududiy muloqot” xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikni yaxshi yoʻlga qoʻygan.

Ushbu xalqaro tashkilotlar koʻmagida Janubiy Koreya, Sloveniya va Singapurdan agentlik direktorining maslahatchilari tayinlandi. Bugungi kunda ular qonun hujjatlarini ishlab chiqishda, agentlik faoliyatini toʻgʻri yoʻlga qoʻyishda yordam beryapti. Hamkorlik doirasida qonun loyihalarini, agentlik faoliyatini takomillashtirishga doir hujjatlarni ishlab chiqish jarayoniga moldovalik Kristina Tarna, ukrainalik Dmitriy Kotlyar, Ruslan Ryaboshapka xalqaro ekspert sifatida jalb qilindi.

Mahalliy va xorijiy hamkorlar bilan birga korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bogʻliq oʻndan ziyod onlayn tadbirlar tashkil etildi. Agentlik direktorining Malayziya va Qozogʻiston korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari rahbarlari bilan onlayn uchrashuvlari boʻlib oʻtdi.

Koʻrinib turibdiki, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faol ish rejimini boshlamoqda. Mutaxassislar, agentlik xodimlari bu saʼy-harakatlar yaqin yillarda oʻz samarasini berishini aytmoqda.