XXI asrda korrupsiya istisnosiz barcha mamlakatlarga xos dolzarb muammolar qatorida qolmoqda. Korrupsiyaviy huquqbuzarliklar natijasida zamonaviy sharoitda davlatlarga katta moddiy zarar yetkazilmoqda. Dunyo boʻyicha har yili 1 trillion dollar miqdoridagi mablagʻ pora uchun sarflanadi. Ushbu maʼlumotlar BMTning har yili 9-dekabrda nishonlanadigan Korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro kuni munosabati bilan tayyorlangan tadqiqotida keltirilgan.

Korrupsiya natijasida davlatlar har yili 2,6 trillion dollar miqdorida zarar koʻrmoqda, bu jahon yalpi ichki mahsulotining 5 foiziga teng. Yevrokomissiya maʼlumotiga koʻra, korrupsiya Yevropa iqtisodiyotiga har yili 120 milliard yevro zarar keltirmoqda.

Mansab mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanish bilan bogʻliq ijtimoiy-huquqiy hodisa sifatida korrupsiya har qanday jamiyatning siyosiy va iqtisodiy rivojlanishiga asosiy toʻsiq boʻlib keladi. Korrupsiya urchigan davlatda qonun ustuvorligi prinsipi susayadi, fuqarolarning huquq va erkinliklari buziladi. Shu bilan birga, uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va insoniyat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa tahdidlar ham kuchayadi.

Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashishning xalqaro standartlarga asoslangan ilgʻor tizimini joriy etish boʻyicha izchil choralar koʻrilmoqda. Jumladan, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni taʼminlash hamda mansabdor shaxslarning aholi oldidagi hisobdorligini yoʻlga qoʻyish orqali davlat boshqaruvida samarali va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratildi.

Xususan, oliy taʼlim muassasalarida ham korrupsiyaga qarshi kurashishning komplayens nazorat tizimi yoʻlga qoʻyildi. Buning uchun 20 ga yaqin meʼyoriy hujjat qabul qilindi. Raqamli texnologiyalar imkoniyatidan keng foydalangan holda, korrupsiya va mansabni suiisteʼmol qilish holatlarining oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlar joriy etilmoqda.

Jumladan, talabalarning oʻqishini koʻchirish, tiklash va xorijdan koʻchirish jarayoni ochiq va shaffof boʻlishini taʼminlash maqsadida arizalarni qabul qilish, koʻrib chiqish va qaror qabul qilish maxsus avtomatlashtirilgan onlayn dastur yordamida amalga oshirilmoqda.

Oliy taʼlim muassasalari faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, oʻquv, ilmiy, maʼmuriy va moliyaviy jarayonlarni avtomatlashtirish, tizimda byurokratik toʻsiqlar yuzaga kelishining oldini olish va moliyaviy xarajatlarni qisqartirish, boshqaruv jarayoni uchun sarflanadigan vaqtni kamaytirish va mehnat samaradorligini oshirish maqsadida “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi” (HEMIS) ishlab chiqildi. U maʼmuriy, oʻquv, ilmiy va moliyaviy jarayonlarni boshqarish modullarini oʻz ichiga oladi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti misolida aytadigan boʻlsak, universitetning korrupsiyaga qarshi kurashish boʻlimi tomonidan professor-oʻqituvchilar, xodimlar va talabalar uchun korrupsiyaviy holatlar boʻyicha xabar qilish imkonini beruvchi ishonch telefoni hamda telegram ijtimoiy tarmogʻida maxsus bot ishga tushirildi.

Oʻquv yili davomida universitet professor-oʻqituvchilari, xodimlari va talabalari bilan “Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish” mavzusida ochiq darslar, profilaktik tadbirlar tashkil etilib, korrupsiyaviy holatlarni aniqlashga qaratilgan soʻrovnomalar oʻtkazilmoqda. 9-dekabr — Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro kuni doirasida taʼlim muassasasida turli tanlovlar, maʼrifiy tadbirlar hamda davra suhbatlari oʻtkazish anʼanaga aylangan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy holatlarning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish, ushbu jarayonga jamoatchilikni keng jalb etish va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bugungi kunning muhim vazifalaridan. Bu borada nafaqat masʼul idoralar, balki keng jamoatchilik ham hamjihat va hamfikr boʻlmogʻi lozim.

Shundan kelib chiqib, qayerdadir tamagirlik, poraxoʻrlik holatiga duch kelsak, befarq boʻlmasligimiz, aksincha, korrupsiya illatini bartaraf etishga qaratilgan saʼy-harakatlarni vijdonan bajarishga kirishmogʻimiz burch va masʼuliyatimizga aylanmogʻi darkor.