Unda, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, O'zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, Bojxona instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti, universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali professor-o'qituvchilari, talabalari hamda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ekspertlari ishtirok etishdi.
Tadbirda ishtirokchilar tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11 mayda qabul qilingan «Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori atroflicha muhokama qilindi.
Muhokama asnosida, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarning faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy aniqlash va baholash, korrupsiyaviy qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, inson omilini qisqartirish hamda tegishli tartib-taomillar va funksiyalarni raqamlashtirish, shaffoflikni ta'minlash, jamoatchilik nazoratini yo'lga qo'yish orqali muammolarni bartaraf etish kabi muhim masalalar tahlil etildi.
Shuningdek, tadbirda ishtirokchilarning «Davlat boshqaruvida hallolik standarti (vaksinasi)ni joriy etish – korrupsiyani oldini olishning muhim vositasi», «Korrupsiyaning jamiyat taraqqiyotiga tahdidi masalalari», «Oliy ta'lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar» hamda «Bank-moliya tizimida korrupsiyaga qarshi kurash: xalqaro normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilishning ayrim masalalari» kabi mavzularda ma'ruzalari tinglandi.
Jumladan, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi eksperti Nilufar Nodirxonova o'z ma'ruzasida bank-moliya tizimida korrupsiyaga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va ularni amalga oshirishda xalqaro normalarni milliy qonunchilikka samarali implementatsiya qilishning ahamiyatiga alohida to'xtalib o'tdi.
— Iqtisodiyotning muhim bo'g'ini bo'lgan bank-moliya tizimidagi korrupsiya holatlariga qarshi kurashish, bunday salbiy holatlarning oldini olish va kelib chiqish sabablarini tahlil qilish korrupsiogen omillarni bartaraf etishda muhim bosqich sanaladi, – dedi N.Nodirxonova. – Sababi, bu jarayon boshqa sohalardagi korrupsiyaga qarshi kurashishning muvaffaqiyatiga bevosita ta'sir ko'rsatadi.
Jumladan, bank sohasidagi hozirgi holat tahlili ham bank sektorida davlatning yuqori darajadagi aralashuvi, davlat ishtirokidagi banklarda menejment va tavakkalchiliklarni boshqarish sifatining etarli emasligi, iqtisodiyotda moliyaviy vositachilikning past darajasi kabi bank sektorini iqtisodiy yangilanishlar va jamiyat ehtiyojlariga mos ravishda rivojlantirishga to'sqinlik qilayotgan qator tizimli muammolar mavjudligini ko'rsatmoqda.
Bu jarayonda esa, xalqaro moliyaviy institutlar va Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro valyuta jamg'armasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kabi tashkilotlarning tavsiyalarini ham chuqur o'rgangan holda sohaga tatbiq etish, korrupsiyaga qarshi kurashda muhim omil sanaladi.
Ochiq muloqot shaklida bo'lib o'tgan ilmiy-amaliy konferensiya yakunida ishtirokchilarning fikr va mulohazalari tinglanib, kuchli rivojlangan davlat va ochiq fuqarolik jamiyati barpo etilayotgan jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali yo'lga qo'yishda bu kabi tadbirlar g'oyatda ahamiyatli ekanligi alohida qayd etildi.
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
Axborot xizmati