- Jamiyatdagi qay bir sohaga alohida eʼtibor qaratilar ekan, ana shu faoliyat rivojlanib boraveradi va oʻzining ijobiy samarasini beradi, - deydi DXA viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari Foziljon Joʻraboyev.

Uchqoʻrgʻon tumanida imkoniyatlardan unumli foydalanib, el-yurt farovonligi uchun kamarbasta boʻlib kelayotgan ishbilarmonlar talaygina. Muharram Abdurahimova 2-guruh nogironi. Yoshligidan toʻquvchilikka mehri baland. Avval mahalladagi hunarmandlardan toʻqish sir-asrorlarini oʻrganib, bir-biridan bejirim kiyim-kechaklar tikadi. Qoʻl mehnati yordamida tayyorlangan mahsulotlarni mahalladoshlariga sotib, oila daromadini koʻtara boshladi. Tirishqoqligi, sohaga yangiliklar olib kirib, zamonaviy kiyimlar toʻqishidan xabar topgan qoʻshni xotin-qizlar unga shogird tusha boshlashdi. Lekin joy muammosi borligi tufayli tuman hokimligiga murojaat qildi. Undagi shijoatni kuzatgan hokimlik mutasaddilari Dehqonobod mahallasidagi boʻsh turgan binoni ijara asosida foydalanishga topshirdi. Biroz vaqtdan soʻng Muharramning moʻjaz korxonasi Uchqoʻrgʻon tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Ortda qolgan ikki oy davomida 10 nafar “Ayollar daftari”dagilarni ish bilan taʼminladi. Ustoz-shogird anʼanalariga muvofiq yana 8 nafar mahalladoshiga ustozlik qilmoqda.

Ikkinchi tadbirkor Muzaffar Azimov Davlat xizmatlari markazida koʻrsatilayotgan xizmatlardan mamnun. U aka-ukalari bilan birgalikdan qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Jumladan, oʻtgan yili 50 sotix yer maydonida zamonaviy issiqxona barpo etib, aholi isteʼmoliga bodring va pomidorlarni peshma-pesh yetkazib bermoqda. Hozirda mazkur issiqxonada 10 nafar fuqaro mehnat bilan band. Bir oydan ziyod vaqt oraligʻida aholiga 50 tonnaga yaqin tayyor mahsulotni tortiq etdi. - Tuman Davlat xizmatlari markazidan minnatdormiz, - deydi uchqoʻrgʻonlik tadbirkor Muzaffar Azimov. - Faoliyatim turini kengaytirishda markaz xodimlarining huquqiy maslahati, qolaversa, tez va sifatli xizmat koʻrsatishi muhim oʻrin tutadi. Ayni paytda 6 yoʻnalishda tadbirkorlik bilan shugʻullanyapmiz.

Orifjon JOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.