Ancha vaqtdan beri tadbirkorlikning biror yoʻnalishida faoliyat yuritishni maqsad qilib yurgan Ikrom aka soha vakillariga qaratilayotgan eʼtibordan ilhomlanib, ishini boshlab yubordi. Dastlab oʻzi reja qilganidek, charm-poyabzal bilan shugʻullanuvchilar faoliyatini jiddiy oʻrganib chiqdi. Vodiyga borib, bu sohada ish yuritayotgan tadbirkorlar bilan yaqindan tanishdi. Tajriba oshirdi. Hamkorlar orttirdi.
Shundan soʻng Qarshi shahrida loyiha qiymati ikki yarim million dollarlik poyabzal tayyorlash korxonasini ishga tushirishga kirishdi. Bankdan ikki milliard soʻm kredit olib, Qarshi shahridagi Roguzar mahallasida kattagina joyga Xitoydan kerakli uskunalarni olib kelib joylashtirdi.
— Ishni boshlashdan oldin yaxshilab oʻrganib chiqdim, — deydi “Oʻztekst” masʼuliyati cheklangan jamiyati raisi Ikrom Panjiyev. — Viloyatimizda poyabzal ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar sanoqli. Shu bois, men ham shu ishga qoʻl urdim. Hozir yetmish kishining ish bilan bandligini taʼminlashga erishdik. Bir yilda 200 ming juft oyoq kiyimini savdoga chiqarishni maqsad qilganmiz. Hali ish boshlaganimizga sanoqli kunlar oʻtgan boʻlsa-da, xorijdan xaridorlar hamkorlik taklifini bildirishmoqda. Xususan, Tojikiston, Qirgʻiziston va Rossiyaga eksport qilish boʻyicha kelishuv olib boryapmiz.
Ayni paytda yiliga oʻrtacha 3 million dollarlik eksport qilishni moʻljal qilayotgan tadbirkor kelgusida faoliyat turini yanada kengaytirishni maqsad qilgan. Jumladan, ishlab chiqarish hajmini oshirish orqali qoʻshimcha 200 ta ish oʻrni yaratish keyingi loyihasidan oʻrin olgan.
— Hozir qoʻqonlik mutaxassislar ishchilarimizga oyoq kiyim tayyorlashni oʻrgatmoqda, — deydi I.Panjiyev. — Tez orada mahsulotlarimizni ichki bozorga chiqarishni boshlab yuboramiz. Asosiysi, biz, tadbirkorlarga imkoniyatlar eshigi ochilmoqda, ikkilanishga hojat yoʻq. Har bir imtiyozdan unumli foydalanib, faqat oldinga harakat qilishimiz lozim. Yaqinda oʻtkazilgan ochiq muloqotda ishtirok etib, oʻzimga katta kuch oldim, fidoiylik bilan mehnat qilishimiz kerakligini yana bir bor his qildim.
Oʻsish davom etadi
Azim Qashqadaryoda keng koʻlamli ishlar boʻlyapti. Vohada birgina oʻtgan olti oyda sanoatda erishilgan natijalarning oʻzi soʻzlarimizga isbot boʻla oladi.
Qashqadaryo viloyatida joriy 1-yarim yillik yakunlari boʻyicha 25,9 trillion soʻmlik yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarildi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 104,3 foiz oʻsdi. Yalpi hududiy mahsulot tarkibida sanoatning ulushi (qurilish tarmogʻini qoʻshgan holda) 25,6 foizni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 0,5 foiz koʻpaygan.
Bugungi kunda viloyatda 4058 ta sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda. shundan 577 tasi joriy yilda tashkil etildi.
Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 4 million soʻmni yoki oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 104,3 foiz boʻldi.
Bugungi kunda vohada 65 ta sanoat yoʻnalishida xorijiy investitsiya ishtirokidagi koʻshma korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan hisobot davrida ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi 1,9 trillion soʻmlikni tashkil etib, umumiy ulushda 14 foizni tashkil etdi.
Joriy yilda sanoat yoʻnalishida qiymati 8,3 trillion soʻmlik loyihalarni amalga oshirish belgilangan boʻlib, 1-iyun holatida ushbu loyihalarning 125 tasi ishga tushirildi va 1936 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Ushbu yangi loyihalar hisobiga 235,6 milliard soʻmlik sanoat mahsulotlari tayyorlanishiga erishildi.
Xususan, Yakkabogʻ tumanida “Davr sharob” MCHJ tomonidan yiliga 2 ming dikolitr spirt mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega, qiymati 25 milliard soʻmlik tashkil etish loyihasi ishga tushirildi va natijada 50 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Mirishkor tumanida “Temur hamkor plast” MCHJ kuniga 40 tonna pomidorni qayta ishlash quvvatiga ega, qiymati 22,9 milliard soʻmlik loyiha evaziga 530 ta yangi ish oʻrni ochildi.
— Keyingi yillarda viloyatimiz sanoatida yangi marralar zabt etilmoqda, — deydi Qashqadaryo viloyati hokimining sanoat boʻyicha maslahatchisi Nodir Hamroyev. — Bugun charm-poyabzal yoki oziq-ovqat, toʻqimachilik sanoati deysizmi, barcha-barcha yoʻnalishlarda maqtovga arzirli yutuqlarni aniq raqamlarda keltirib oʻtishimiz mumkin. Shunisi aniqki, buning taʼsirida bugun elimizda farovonlik, aholining ish bilan taʼminlanishi yaxshilanib, kerakli mahsulotlarga ehtiyoji qondirilmoqda. Odamlarning yashash tarzida oʻzgarish boʻlmoqda.
Bir paytlari bittagina sanoat korxonasi ochish uchun qanchadan-qancha ovoragarchiliklarga duch kelinardi. Bir amallab ishni boshlashingiz bilan tepangizda tekshiruvchilar paydo boʻlar, ish yuritishga yoʻl berishmasdi. Bundan bezor boʻlgan kishi qoʻl siltagancha ishni tashlab ketishga majbur boʻlardi. Bugun esa barchasi boshqacha. Bemalol, istagan sohangizda ish boshlashingiz mumin. Hech kim yoʻlingizni qaytarmaydi. Qonunan ish olib borsangiz, oshigʻingiz olchi.
Prezidentimizning 2023-yil 3-fevraldagi “2023-2025-yillarda Qashqadaryo viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida ham manzilli ishlar davom etirilmoqda. Jumladan, viloyatda un ishlab chiqarish yoʻnalishida soʻnggi ikki yilda 9 ta yangi korxona ishga tushirildi. Joriy yilda ham 138,5 ming tonna quvvatga ega 11 ta shunday korxona ochilishi belgilangan.
Xususan, yaqinda Qamashi tumanida “Boʻritosh aya” fermer xoʻjaligi “Madina” brendi ostida yillik quvvati 10 ming tonna boʻlgan, umumiy qiymati 6 milliard soʻmlik un ishlab chiqarish korxonasini ishga tushirdi. Natijada 30 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Elektrotexnika sanoatida ham oʻzgarishlar katta. Jumladan, Qarshi shahridagi “Buyuk Turon” kichik sanoat zonasida joylashgan “ALP Texno servis” korxonasi tomonidan oʻtgan 6 oy davomida 25 milliard soʻmlik televizorlar ishlab chiqarildi va xorijga eksport qilindi. Bugungi kunda ushbu korxonaga yangi liniya olib kelib oʻrnatildi. Zavodning mahalliylashtirish darajasi 60 foizga yetkazildi. Yil yakuniga qadar korxonada 100 milliard soʻmlik mahsulot tayyorlanadi.
Raqamlar reallikni ifodalaydi
Viloyatga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha ham tizimli ishlar qilinmoqda. Oʻtgan davr mabaynida viloyatga 170 million dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jalb etildi.
Xususan, Kitob tumanidagi “Qarshi konch sement” MCHJ tomonidan quyosh panellari orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi uchun 10,2 million dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya oʻzlashtirildi
Viloyatdagi sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ushbu ishlar natijasida 192,6 million dollarlik sanoat mahsulotlari dunyoning 38 davlatiga eksport qilindi.
Xususan, “Sulton tex group” MCHJ tomonidan 6,8 million dollarlik kalava ip va toʻqimachilik mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.
Viloyatda yil yakuni bilan sanoat ishlab chiqarish hajmi
26,4 trillion soʻmni (115,2 foiz oʻsish) tashkil etishi rejalashtirilgan. Shundan hududiy sanoat hajmi 10,9 trillion soʻmni (115,2 foiz oʻsish) tashkil etishi maqsad qilingan.
Bunda, jumladan, drayver sohalarda jami 7,5 trillion soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Viloyatdagi yer osti boyliklaridan samarli foydalanish koʻlami kengaymoqda. Jumladan, oʻtgan davr mobaynida 50 ta kon savdoga chiqarildi. Ularning 24 tasida qurilish materiallari sanoati yoʻnalishida yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Yil yakuniga qadar ushbu yoʻnalishda yana 40 ta yangi konni auksion savdoga chiqarish orqali yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish belgilangan.
Yer osti zaxiralariga xorijlik investorlarni jalb etishga eʼtibor kuchli. Xususan, Chiroqchi tumanidagi kvars, Kitob tumanidagi marmarlashgan ohaktosh xomashyosini Avstriyaning dunyoga mashhur “Lassenberger” kompaniyasi tomonidan qayta ishlash yoʻlga qoʻyilmoqda. Ushbu korxona bilan erishilgan kelishuvga koʻra, mikrokalsitdan travertin, shpaklyovka, lok-boʻyoq kabi 40 dan ortiq turdagi qurilish materiali ishlab chiqarish boʻyicha qiymati 35 million dollarlik loyihani Kitob tumanidagi erkin iqtisodiy zonada joylashtirish belgilangan.
“Shoʻrtangazkimyo” majmuasiga qarashli “Qarshi termaplast” zavodida polietilen quvurlar ishlab chiqarish liniyasi zavod qurilmoqda.
Viloyatda sanoatni rivojlantirish ishlari shu yoʻsinda izchil davom ettirilmoqda.
Akbar RAHMONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri