Korxonalarning 3 milliard soʻmga yaqin soliq qarzdorligi toʻlovi kechiktirildi

    Mamlakatimizda 1 Iyul 2020 1204

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda 2020-yil 4-apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonlariga asosan Sirdaryo viloyati boʻyicha 16 ta korxonalarning 595,3 mln soʻmlik soliq toʻlov muddatlari uzaytirildi.

    Xususan, Guliston tumanidagi “MILI TEKS SIRDARYO” masʼuliyati cheklangan jamiyatining mol-mulk va yer soligʻi uchun hisoblangan 137.0 mln soʻmlik toʻlovlar 2020-yilning 1-oktyabrgacha uzaytirildi.

    — Viloyatda 1020 ta mikrofirma va kichik korxonalarning 2020-yil 15-may holatiga yer va mol-mulk soligʻidagi 2,748 mlrd soʻm qarzdorliklarini undirish 2020-yil 1-sentyabrgacha toʻxtatildi, — deydi, Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi Soliq qarzini undirishni tashkil qilish boʻlimi boshligʻi Shuhrat Alimuhammadov. — Shu bilan birga 74,5 mln soʻmlik penya hisobdan chiqarildi. 30 ta kichik korxonalarning 72.0 mln soʻmlik moliyaviy jarimalarini undirish 2020-yil 1-sentyabrgacha toʻxtatilib, 13,5 mln soʻmlik penya hisobdan chiqarildi. Xususan, Sirdaryo tumanidagi “SIRDARYA GOLDEN FRUITS” MCHJning mol-mulk va yer soligʻi boʻyicha 747.2 mln soʻmlik soliq qarzi 1-sentyabrgacha toʻlov muddatlari uzaytirildi.

    Koʻrilayotgan mazkur choralar aholi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish hamda yangi ish oʻrinlari yaratish uchun kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilishi shubhasiz.

    Ilgʻor Xalilov,

    Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi

    Matbuot xizmati xodimi.